O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

2020-11-03 | Siyosat

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Gidrometeorologiya xizmati qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya kabi bir qancha sohalar uchun juda muhim. Lekin yillar davomida e’tibor berilmagani oqibatida O‘zbekistonda bu yo‘nalish zamondan orqada qolib ketgan. Aerologik kuzatuv 1995-yildan buyon o‘tkazilmaydi. Bu esa ob-havo haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligini pasaytiradi. Xalqaro standart bo‘yicha qaralsa, yurtimiz hududida 4 mingta stansiya bo‘lishi zarur, amalda esa 335 ta bor, xolos.

Gidrometeorologiya xizmati markazining moddiy-texnik bazasi eskirgan, iqtisodiy rentabelligi ham past. Xususan, markaz o‘tgan 9 oydagi xarajatlarning atigi 6 foizini o‘z daromadidan qoplagan.

– Gidrometeorologiya xavfsizligimizni ta’minlaydigan muhim sohalardan biri. Bugun eng asosiy vazifa – tizimda xizmat sifatini o‘zgartirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda sohada xizmat ko‘rsatishni bosqichma-bosqich tijoratlashtirish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Bugungi kunda meteorologik ma’lumotlar 35 ta idoraga, jumladan, 20 ga yaqin tijorat tashkilotiga bepul berilmoqda. Xizmat narxlari xarajatga nisbatan kam bo‘lib, 15 yildan buyon ko‘rib chiqilmagan. 

Davlatimiz rahbari ushbu narxlarni qayta ko‘rib chiqish va pulli xizmatlar qamrovini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Bu borada foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p. Masalan, kelgusi yili davlat-xususiy sheriklik asosida Karmana va Nurobod tumanlarida bittadan qo‘yosh elektr stansiyasi, 2022-yilda uchta quyosh va bitta shamol elektr stansiyasi barpo etiladi. Ularda ishlab chiqarish hajmini rejalashtirish uchun meteorologiya xizmatlariga zarurat bor.

Shuningdek, ob-havoni prognoz qiluvchi internet platformalar, klasterlar va xorijiy ilmiy muassasalarga pulli xizmatlar ko‘rsatish mumkin.

Gidrometeorologiya markazida 100 yillik ma’lumotlar saqlanmoqda. Ular qog‘oz shaklida bo‘lib, 18 million varaqdan iborat. Ushbu ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. 

Yig‘ilishda meteorologiya xizmatining moddiy-texnik ta’minotidagi kamchiliklar atroflicha ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, 70 ta stansiyaning atigi 14 tasi avtomatlashgan. Ob-havo prognozi o‘n yil oldingi dasturiy mahsulotlar asosida tayyorlanmoqda. Oqibatda ob-havo va tabiiy ofatlar haqidagi ma’lumotlar kechikmoqda. Toshkent, Samarqand va Nukusdagi 3 ta meteorologik lokator ma’lumotlari yetarli bo‘lmayapti.

Shu bois kelgusi yillarda Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida lokatorlar o‘rnatish, barcha stansiyalarni avtomatlashtirish, yangi stansiya va postlar qurish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bular natijasida meteorologiya xizmatining sifati va tezligi ancha oshadi.

O‘zgidromet Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy markazi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari bu maqomni saqlab qolish muhimligini ta’kidlab, 2022 yilda Samarqandda zaxira ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha mintaqaviy xab tashkil qilishga ko‘rsatma berdi.

Meteorologiya ma’lumotlari qishloq xo‘jaligida samaradorlikni ta’minlaydigan muhim omillardan biri. Chet elda agrar sohadagi korxonalar uchun o‘simlik namligi, yomg‘ir miqdori, chuqurlikdagi tuproq haroratini aniqlash kabi 20 dan ortiq xizmat ko‘rsatiladi. Yurtimizda bunday xizmatlar atigi 9 xildan iborat. Agrometeorologik xizmatlar 96 ta stansiya va postda olib borilayotgani, ularning soni so‘nggi 10 yilda atigi 5 taga ko‘paygani sababli prognozning ishonchliligi 80-85 foizdan ortmaydi.

Gidrometeorologiya xizmati markaziga kelgusi yilda har bir viloyatda qo‘shimcha agrometeorologiya postlari tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining granti doirasida Jizzax va Qashqadaryoda agrometeorologik stansiya hamda o‘lchov vositalari o‘rnatib, xizmatlar sonini 14 taga yetkazish, keyinchalik buni barcha hududlarda joriy etish muhimligi ta’kidlandi. Fermer xo‘jaligi va klasterlarga onlayn xizmat ko‘rsatadigan dasturiy ta’minot ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Sohada ilm-fanni rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Kelgusi o‘quv yilidan O‘zbekiston Milliy universitetida gidrometeorologiya fakulteti tashkil etish, Toshkent gidrometeorologiya texnikumida zamonaviy o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlash va malakasini oshirish zarurligi aytildi.

Soha xodimlarining oylik maoshini oshirish va uzoq muddatli xizmat uchun ustama to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться