O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mamlakatimiz ilm-fani ogʻir judolikka uchradi

2020-11-03 | Fan

Atoqli sharqshunos olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov shu yil 3-noyabr kuni 80 yoshida vafot etdi.

U.Uvatov 1940-yil 23-fevralda Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida tugʻildi. 1958-1969-yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini arab filologiyasi mutaxassisligi boʻyicha tugatib, oʻz mehnat faoliyatini ushbu dargohda oʻqituvchilikdan boshladi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, soʻngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Arab tili boʻyicha yuqori malakali mutaxassis sifatida Misr, Iroq, Liviya mamlakatlarida tarjimon boʻlib ishladi.
 
Katta ilmiy salohiyat va tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlgan U.Uvatov mustaqillik yillarida mamlakatimizning yuqori boshqaruv idoralarida, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida boʻlim mudiri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, shuningdek, Amir Temur jamgʻarmasi raisining birinchi oʻrinbosari, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamgʻarmasi raisining birinchi oʻrinbosari kabi masʼul lavozimlarda samarali faoliyat koʻrsatib, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, ilmiy-madaniy merosimiz namunalarini toʻplash, oʻrganish va targʻib etishga munosib hissa qoʻshdi.
 
Zahmatkash olim Toshkent islom universitetining Manbalar xazinasi boʻlimi mudiri, Imom Buxoriy xalqaro markazi rahbari hamda umrining oxiriga qadar Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori lavozimlarida fidokorona mehnat qildi. Ayni vaqtda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining professori vazifasida ishlab, buyuk allomalarimiz merosini chuqur tadqiq etish va targʻib qilish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlarida faollik koʻrsatdi.
 
Mashhur olimning Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Muin Nasafiy, Amir Temur kabi ulugʻ siymolarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganishga bagʻishlangan koʻplab maqolalari, kitob va monografiyalari, arab tilidagi noyob manbalardan qilgan tarjimalari yurtimiz va xorijiy davlatlar ilmiy jamoatchiligi oʻrtasida yaxshi maʼlum boʻlib, ular mamlakatimizda sharqshunoslik ilmini rivojlantirishga beqiyos hissa boʻlib qoʻshildi.
 
U.Uvatov jamoat ishlarida, yurtimizda olib borilayotgan madaniy, diniy-maʼrifiy tadbirlar, anjuman va uchrashuvlarda faol ishtirok etib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni qadimiy tariximizga hurmat, ajdodlarimiz anʼanalariga sadoqat ruhida tarbiyalash yoʻlida sidqidildan xizmat qildi.
 
Mohir pedagog, jonkuyar ustozning bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlandi.
 
Professor U.Uvatovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholandi. U “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni hamda “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan edi.
 
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin va samimiy inson Ubaydulla Uvatovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
 
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
 
A.Aripov, B.Yoʻldoshev, U.Alimov

Manba: O'zA

Поделиться