O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Akademik litseylarni tashqi attestasiyadan o‘tkazish jarayonlari boshlandi
2020-11-03 | Ta’lim
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi “Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 470-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq Oliy ta’lim muassasalari qoshidagi akademik liseylarni tashqi atestatsiyadan o‘tkazish jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan reja asosida joriy yilda 27 ta akademik litsey tashqi attestatsiyaga jalb etilishi belgilangan. Shunga muvofiq 2020-yil 2-noyabr holati bo‘yicha 20 ta akademik litseylar baholash mezonlari talablariga asosan ichki va tashqi attestatsiyadan o‘tkazildi.
Ta’lim tashkilotlarini ichki baholashdan o‘tkazishda ayrim akademik litseylar rahbarlari tomonidan mas’uliyat bilan yondashilmaganligi sababli taqdim etilgan ma’lumotlarga qo‘shimcha ravishda statistik ma’lumotlarni qayta o‘rganishni taqozo etdi. Xususan, Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi akademik litsey, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti akademik litseyi, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti akademik litseyi, Urganch davlat universiteti qoshidagi akademik litseyi, Navoiy davlat pedagogika instituti akademik litseylarini ichki baholashdan o‘tkazishda baholash mezonlariga amal qilinmaganligi, ayrim baholash mezonlariga qo‘yilgan ballar esa sun’iy ravishda oshirib qo‘yilganlik holatlari qayd etildi.
Shuningdek, ichki baholash jarayonlarini o‘tkazishda bir qator baholash mezonlari bo‘yicha xususan, o‘quv jarayoniga zamonaviy-axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, tegishli fanlar bo‘yicha o‘quv laboratoriya jihozlari bilan ta’minlanganlik darajasi, rahbar xodimlarning yillik ish rejalarini tuzilganligi va ularning ijro monitoringi va hisobotlarning yuritilitshi, ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik masalalari yuzasidan mavjud muammolar ochiq yoritib berilmaganlik holatlari qayd etildi.
Bu borada akademik litseylarni ichki baholashdan o‘tkazish jarayonlarini sifatli tashkil etish yuzasidan ta’lim tashkilotlari rahbarlariga uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida joriy yilning avgust-sentyabr oylarida 2 marta videokonferensiyalar tashkil etilib barcha zaruriy tavsiyalar berildi.
Akademik litseylarni tashqi attestatsiyadan o‘tkazishda baholash mezonlarining asosiy ko‘rsatgichlaridan biri hisoblangan – bitiruvchi kurs o‘quvchilarning bilimini baholash bo‘yicha tegishli ta’lim yo‘nalishlarining belgilangan fanlardan nazorat ishlarini o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunga qadar reja asosida 14 ta akademik litseyning 2-kurs o‘quvchilaridan nazorat ishlari o‘tkazildi. Ushbu nazorat ishlarida akademik litseylardagi bitiruvchi kurs o‘quvchilarining umumiy kontingentining 30 foizdan ortig‘i qamrab olinib, har bir akademik litseydan o‘rtacha 70 nafardan 160 nafargacha o‘quvchilar ishtirok etishdi. Hozirda o‘quvchilardan o‘tkazilgan nazorat ishlari tahlil qilinib, natijalari yuzasidan tegishli oliy ta’lim muassasalariga taqdimnoma kiritish belgilandi.