MFYlari faoliyati qay ahvolda: vazirlikka 6 mingdan ziyod norozilik murojaatlari kelib tushgan
Tahlillarga koʻra, oʻtgan davr mobaynida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga fuqarolar yigʻinlari raislari va xodimlari xatti-harakati yoki harakatsizligidan norozilik mazmunida 6 ming 809 ta murojaat kelib tushgan.
Ularning 293 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri vazirlikning oʻziga kelgan murojaatdir.
Bu esa yurtdoshlarimizning ovoragarchiligi hamda ortiqcha vaqt hamda mablagʻ sarflashiga olib kelayotganligi achinarli holdir.
Joylarda kadrlar qoʻnimsizligi oqibatida aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, hududlar obodligi, bandlik, fuqarolar yigʻinlarini bino va zarur moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash borasida jiddiy muammolar koʻzga tashlangan. Ayniqsa, ishsiz fuqarolarni ish bilan taʼminlash boʻyicha hududlarda olib borilayotgan ishlar tahlili qoniqarli emasligi, ayrim viloyat boshqarmalari hisobotlarida bir biriga zid boʻlgan koʻrsatkichlar taqdim etilayotganligi maʼlum boʻlgan.
Shuningdek, ijtimoiy ahvoli yaxshilangan hamda bandligi taʼminlangan fuqarolarni “Temir daftar” roʻyxatidan chiqarish boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahliliga koʻra, Samarqand viloyatida 13 ming 861, Sirdaryo viloyatida 4 ming 952, Toshkent viloyatida 18 ming 885, Toshkent shahrida 20 ming 786, Jizzax viloyati 6 ming 990, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 12 ming 715, Namangan viloyatida 14 ming 73 oila kambagʻallik roʻyxatidan chiqarilgan.
136 ta mahallada aholini kasb-hunarga oʻqitish markazlarida kasbga oʻqitish boʻyicha oʻquvlar toʻliq tashkil etilgan. Mavjud oʻquv markazlarida 23 ming 247 nafar fuqaro kasb-hunarga oʻqitilib, bu borada belgilangan reja Qoraqalpogʻiston Respublikasida 18,1, Andijon viloyatida 12,8, Jizzax viloyatida 48, Qashqadaryo viloyatida 56,5, Surxondaryo viloyatida 56,8, Toshkent viloyatida 57,1, Namangan viloyatida 62,3, Navoiy viloyatida 65,3 foizga bajarilgan, xolos.
Nukus, Taxiatosh, Chimboy, Boʻston, Ulugʻnor, Konimex, Qiziltepa, Tomdi tumanlari va Zarafshon shahri fuqarolari shu kunga qadar bu kabi oʻquv markazlarida umuman oʻqitilmagan. Bu haqda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, obodonlashtirish, tomorqa va ekologiya masalalari hamda fuqarolar yigʻinlarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida joylarda olib borilayotgan ishlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qilindi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari B.Parpiyev pandemiya sharoitida aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida joriy etilgan “Temir daftar” tizimiga alohida toʻxtalib, hududlardagi har bir sektor boʻyicha moddiy yordam va koʻmakka ehtiyoji boʻlgan oilalarning roʻyxati ushbu daftarga kiritilganligi hamda ularga tegishli tartibda moddiy va ijtimoiy koʻmak berilganligini taʼkidladi.
Shuningdek, suv taʼminoti ogʻir hududlarda xonadonlarga quduq qazib berish ishlari Andijon, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlarida haligacha boshlanmagani, Buxoroda 1 ta, Surxondaryo va Namanganda 6 tadan, Jizzaxda 15 ta, Qashqadaryoda 17 ta artezian quduqlari qazib berilgani taʼkidlandi. Hududiy masʼullarga mazkur masalani chuqur oʻrganib, olis va chekka hududlarda aholi xonadonlarini suv bilan taʼminlashda manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda roʻyxatlarni shakllantirish va haqiqatda suv yetib bormagan hududlarda bu ishlarni tashkil etish topshirigʻi berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Manba: O'zA