O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tashqi ishlar vazirligi Tezkor shtabi Abxaziyada qolib ketgan hamyurtlarimizning Vatanga qaytarilganini maʼlum qildi
2020-10-29 | Siyosat
TOSHKENT, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublika Tashqi ishlar vazirligi Tezkor shtabi 299 nafar hamyurtimizning Vatanga olib kelinganini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashqi ishlar vazirligi manbasiga ko‘ra, Maxsus komissiya qarori bilan, shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar va Transport vazirliklarining birgalikdagi faoliyati natijasida 2020 yil 28 oktyabr kuni Abxaziyada qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarining 299 kishidan iborat ikkinchi guruhi Sochi (Rossiya) shahridan “Uzbekistan Airways” kompaniyasi charter reyslari bilan qaytarildi.
Avvalroq, 9-oktabr kuni «O‘zbekiston temir yo‘llari» maxsus poyezdida yordamga muhtoj (homilador ayollar, qariyalar, bemorlar va bolali ayollar) 19 nafar hamyurtimizdan iborat birinchi guruh yurtimizga olib kelingan edi.
Ayni paytda O‘zbekiston diplomatlari ushbu chegaraoldi hududida bo‘lib, Abxaziyadagi vatandoshlar bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olgan.
Hozirgi vaqtda Rossiya tomoni bilan Rossiya Federatsiyasi hududi orqali Abxaziyada qolgan O‘zbekiston fuqarolarini yurtimizga olib kelishni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan yaqin vaqtda Sochi shahridan navbatdagi charter reyslarni amalga oshirish kutilmoqda.
Tezkor shtab vatandoshlardan koronavirus infeksiyasi pandemiyasi paytida bir joyda to‘planish ularning virus bilan kasallanishi ehtimolini keskin oshirishini eslatib o‘tadi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, bemorlar, surunkali kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.
«Xorijiy mamlakatlar hududidagi vatandoshlarimizdan bir joyda ommaviy to‘planmaslik, barcha karantin talablariga qatʼiy rioya qilish va o‘zlari hamda yaqinlari salomatligini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘raymiz», deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tezkor shtabi xabarida.