Nobel mukofoti laureatlari tadqiqot natijalarini O‘zbekistonda qo‘llash: Toshkent viloyatining Bo‘ka va Chinoz tumanlarida eksperiment o‘tkazilmoqda
Iqtisodiy rivojlanish fani iqtisodiyot nazariyasidan o‘tgan asrning ikkinchi yarimida ajralib chiqdi.
Aksar iqtisodchi olimlar iqtisodiy o‘sishning o‘zi iqtisodiy rivojlanishni ta'minlashi uchun yetarli emasligini, buning uchun daromadlarning taqsimlanishi, institusional muhit, ekologiya, inson kapitali va mamlakatda amalga oshiriladigan barcha ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilishi kerakligi to‘g‘risida bir to‘xtamga kelishgan.
Yillar o‘tgani sayin kambag‘allikni qisqartirish mavzusi dolzarblashib, iqtisodiy rivojlanish nazariyasining asosiy muammolaridan biriga aylanib bordi va iqtisodchilar tomonidan ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilishiga, nazariyada yangi yo‘nalish va qarashlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning rivojlanyotgan mamlakatlarda amaliy jihatdan qo‘llanilishi AQSh olimlari A.Banerji, E.Dyuflo va M.Kremer (2019-yil Nobel mukofoti laureatlari) tomonidan o‘tkazilgan eksperementlarda ham o‘z aksini topgan.
Olimlar rivojlanayotgan mamlakatlarda quyidagi asosiy yo‘nalishlarda qator eksperementlar olib borgan:
- kambag‘allikni qisqartishga qaratilgan chora-tadbirlar joylardagi shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda aniq tajribalar asosida ishlab chiqilishi;
- arzon va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, bepul emlash hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;
- aholining ta'lim olish davomiyligi va ta'lim sifatini oshirish;
- ijtimoiy himoya tizimi va muhtojlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;
- mikrokreditlash va tadbirkorlikka ruhlantirish;
- kambag‘allikni qisqartirishda psixologik faktorlarning rolini oshirish;
- rivojlanayotgan mamlakatlarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha institusional cheklovlarning mavjudligi va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishi 2020 yilda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
“Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta'minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishi nisbatan yangiligini inobatga olib, uni qisqartirish uchun amalga oshiriladigan instrument va usullarni real holatdan kelib chiqqan holda ishlab chiqish, belgilangan maqsadga erishishni osonlashtiradi. Shundan kelib chiqib, jahonning ilg‘or mamlakatlari tajribasi, Banerji, Dyuflo va Kremerning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tadqiqot natijalari asosida respublikaning vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, ular tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘ka va Chinoz tumanlarida kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash maqsadida joylarga chiqib eksperiment kuzatuvlari o‘tkazildi.
Ishchi guruhi a'zolari 8 kun davomida Bo‘ka tumanidagi barcha mahallalarda 10-12 tadan jami 504 ta, Chinoz tumanidagi barcha mahallalarda 10-12 tadan jami 648 ta, umumiy hisobda 1152 ta uy xo‘jaliklarida kuzatuvlarni amalga oshirdi.
Kuzatuvlar davomida uy xo‘jaliklari tarkibi, yashash sharoitlari, iste'mol xarajatlari, real daromadlari, uzoq muddat foydalanadigan vositalari, uy xo‘jaligi a'zolarining moddiy ne'matlar va ijtimoiy xizmatlardan foydalana olish imkoniyatlari, jumladan, bepul tibbiy xizmatdan foydalanishi, farzandlarining ta'lim olishi sifati, moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik tashabbuslari o‘rganildi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandlarining yoshiga nisbatan bo‘yi, vazni o‘lchandi hamda darslarni o‘zlashtirishi o‘rganildi. Psixologlar tomonidan ehtiyojmand oila a'zolari bilan individual suhbatlar o‘tkazilib, ularning psixologik portretini shakllantirish va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ruhiy rag‘batlantirish ishlari amalga oshirildi.
Kuzatuvlar yakuni bo‘yicha olingan ma'lumotlar asosida O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini aniqlash, “yashash minimumi” va “iste'mol savatchisi” bo‘yicha hisob-kitob ishlarini yakuniga yetkazish, aholining bazaviy iste'mol xarajatlari va kambag‘allik chegarasi mezonini hisoblashni amaliyotga joriy etish hamda respublikada kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirilgan strategik chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanish rejalashtirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi