O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2020-10-28 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, davlat ulushi saqlanib qolayotgan ayrim tarmoqlar va yirik korxonalarda bozor mexanizmlariga oʻtishning kechikayotganligi yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish, xususiy kapitalni faol jalb qilgan holda yangi ish oʻrinlari yaratishga toʻsqinlik qilmoqda.

Davlat ishtirokidagi korxonalarda isteʼmolchiga yoʻnaltirilgan zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, tannarxni pasaytirish orqali daromadlarni oshirish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yana-da yaxshilash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati toʻliq oʻrganilganligi va iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushini keskin qisqartirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Quyidagilar:

Transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

Davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻligʻicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

Xususiy sektorga sotiladigan davlat koʻchmas mulki obyektlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 24 ta shtat birligidan iborat Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) tashkil etilsin. Mazkur shtat birliklari moliya va davlat soliq xizmati organlarining 12 tadan shtat birligini qisqartirish hisobidan shakllantirilsin.

Departamentning asosiy vazifalari etib mazkur Farmonning 1-ilovasida keltirilgan davlat ishtirokidagi korxonalarda quyidagilarni amalga oshirish belgilansin:

Moliya vazirligi tomonidan davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) vakolatlari va funksiyalarini amalga oshirishni tashkil etish;

2021-yil 1-aprelga qadar 2019-2020-yillar uchun moliyaviy hisobotlarni xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlari (IFRS) asosida tayyorlash hamda xalqaro kredit reytinglarini olish grafigini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish;

2021-yil 1-aprelga qadar har bir korxona uchun nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini tanlov asosida jalb qilgan holda moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish;

2021-yil 1-iyulga qadar xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan oʻtkazish hamda “muvofiqlik tizimi” (komplayens) va korrupsiyaga qarshi xizmatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish;

2021-yil 1-iyulga qadar kuzatuv kengashlariga va korxonalar boshqaruviga xalqaro tanlov asosida chet ellik soha mutaxassislarini (jumladan, vatandoshlarni) faol jalb etish orqali kuzatuv kengashlari tarkibining kamida 30 foizini va korxona boshqaruvining kamida 3 nafar rahbar xodimini malakali xalqaro mutaxassislar bilan toʻldirish.

3. Moliya vazirligi mazkur Farmonning 1-ilovasidagi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) ushbu Farmonning 2-ilovasidagi davlat ishtirokidagi korxonalar boʻyicha:

2021-yil 1-yanvarga qadar Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda xalqaro standartlarga muvofiq qayta baholanadigan konlar (davlat zaxiralari) roʻyxati va “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin;

2021-yil 1-fevralga qadar 2021-yil uchun korxonalarning byudjet loyihasini ishlab chiqsin;

2021-yil 1-iyulga qadar 3 yillik biznes rejalarini (joriy faoliyati, investitsiya loyihalari va ularni moliyalashtirishning aniq manbalari, shu jumladan, xalqaro moliya bozorlari mablagʻlari hisobidan, moliyaviy modeli) ishlab chiqishni taʼminlasin;

2021-yil 1-iyulga qadar korxonalarning barcha investitsiya loyihalarini xatlovdan oʻtkazib, boshlanmagan hamda moliyaviy manbalari aniq boʻlmagan loyihalarni toʻxtatish choralarini koʻrsin.

Vazirlar Mahkamasi (J.Qoʻchqorov) 2021-yil 1-yanvarga qadar mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ushbu Farmonning 1 va 2-ilovalaridagi har bir korxona kesimida “yoʻl xaritalari"ni tasdiqlasin.

4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Agentlik:

2020-yil 1-dekabrga qadar raqobat muhitiga taʼsir qiladigan imtiyoz va preferensiyalarni xatlovdan oʻtkazib, ularni bekor qilish boʻyicha qaror loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;

mazkur Farmonning 1 va 2-ilovalarida keltirilgan korxonalarni transformatsiya qilish jarayonlari bilan birgalikda ular faoliyat yuritadigan sohada bozor munosabatlari tamoyillariga toʻliq oʻtish, raqobat muhitini shakllantirish hamda xususiy sektorni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin;

2021-yil 1-yanvarga qadar Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda “Oʻzagroservis” va “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqib, ularning faoliyatini bozor tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyish va sohada xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritsin.

5. Moliya vazirligiga Departament faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha va Agentlikka quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berilsin:

tanlov asosida xalqaro miqyosda yetakchi boʻlgan konsalting, audit, “xedxanter” va boshqa zarur kompaniyalar va ekspertlarni jalb qilish hamda ular bilan shartnomalar tuzish;

loyiha ofislarini tashkil etish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va moliyaviy taʼminlash (byudjet, davlat ishtirokidagi korxonalarning mablagʻlari, xalqaro moliyaviy tashkilotlarning grant va qarz mablagʻlari).

6. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi (A.Aripov) 3-ilovada keltirilgan xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlarining har biri boʻyicha:

2020-yil 15-noyabrga qadar ishchi guruhlari shakllantirilishini;

2021-yil 1-fevralga qadar xususiylashtirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish uchun konsalting tashkilotlari jalb qilinishini va amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha “yoʻl xaritalari" ishlab chiqilishini;

2021-yil 1-iyulga qadar korxonalarni xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari ishlab chiqilishini taʼminlasin.

7. Vazirlar Mahkamasi (A.Ramatov), Qurilish vazirligi (B.Zakirov, Sh.Hidoyatov), Agentlik (S.Bekenov) ikki oy muddatda mazkur Farmonning 3-ilovasida keltirilgan davlat ishtirokidagi loyiha-tadqiqot tashkilotlarini qayta xatlovdan oʻtkazib, ularni xususiylashtirishga tayyorlash, loyiha-tadqiqot va qurilish sohasidagi nufuzli tashkilotlarga sotish hamda xususiylashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari"ni tasdiqlasin.

8. Mazkur Farmonning 4-ilovasidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻligʻicha ommaviy savdolarga chiqarilishini samarali tashkil etish boʻyicha masʼul shaxslar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasining yangilangan tarkibi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi (A.Aripov)ga:

a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda:

mahalliy va xorijiy investorlarni hududlarda sotuvga chiqariladigan davlat aktivlari bilan tanishtirish yuzasidan zarur choralarni koʻrish;

xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlarini tashqi infratuzilma tarmoqlari bilan uzluksiz taʼminlash;

xususiylashtirishdan keyin korxonalarning toʻliq quvvatda ishlashi va samarali faoliyat koʻrsatishi boʻyicha shart-sharoitlarni yaratish;

investorlarni jalb qilish boʻyicha boshqa zaruriy choralarni koʻrish topshirilsin;

b) mazkur Farmonning 4-ilovasidagi korxonalar sof aktivlarining davlat aksiya paketlari (ulushlari)ga nisbatan proporsional qiymati 100 million soʻmdan oshmasa, ularni istisno tariqasida, sof aktivlarining proporsional ulushiga teng (sof aktivlari ustav kapitalidan kam boʻlganda nominal) qiymatda ommaviy savdolarga qoʻyib borish topshirilsin;

v) Agentlik tomonidan 2020-yil 1-noyabrdan boshlab mazkur Farmonning 4 va 5-ilovalariga muvofiq korxonalar aksiya paketlari (ulushlari) va koʻchmas mulk obyektlarining ommaviy savdolarga chiqarilishini taʼminlash topshirilsin;

g) quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berilsin:

mazkur Farmonning 4 va 5-ilovalaridagi davlat aksiya paketlari (ulushlari), koʻchmas mulk obyektlari baholangan narxda ommaviy savdolarda uch oy muddat davomida sotilmagan taqdirda, ularning boshlangʻich narxini Agentlikning taklifiga asosan qayta belgilash;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan sotilishi belgilangan davlat aktivlarini sotish shartlari va shakllarini belgilash;

koʻchmas mulk obyektlari va kelgusida shakllanadigan davlat aksiya paketlari (ulushlari) hamda davlat korxonalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, ularni sotish shartlari, savdo turi va ommaviy savdolardagi boshlangʻich narxini belgilash.

11. Belgilansinki, mazkur Farmonning 4-ilovasiga kiritilgan korxonalar:

davlat aksiya paketlari (ulushlari) bitta lot asosida savdoga chiqariladi;

sof aktivlarining proporsional ulushiga teng (sof aktivlari ustav kapitalidan kam boʻlganda nominal) qiymatda ommaviy savdolarga chiqarilgan qiymati 100 million soʻmdan oshmagan davlat aksiya paketlari (ulushlari) uch oy davomida sotilmagan taqdirda, ulushlar “1 soʻm” boshlangʻich narxda, aksiya paketlari “1 ta aksiya – 1 soʻmdan bitta lot” tamoyili asosida qayta savdoga chiqariladi.

12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

davlat obyektlarini “nol” xarid qiymatida sotish amaliyoti bekor qilinadi va ular oʻz vakolati doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari hamda Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasining qarorlariga asosan investitsiya hamda ijtimoiy majburiyatlar asosida “1 soʻm” boshlangʻich qiymatda ommaviy savdolarga chiqariladi;

davlat unitar korxonalari xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirilgan holda ularning davlat aksiya paketi (ulushi) sotiladi;

mazkur Farmonning 4-ilovasidagi davlat unitar korxonalarini xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirishda ularning ustav kapitali xatlov va baholash oʻtkazmagan holda soliq organlariga topshirilgan oxirgi buxgalteriya balansi maʼlumotlari asosida sof aktivlari qiymatida, sof aktivlari manfiy boʻlgan taqdirda, korxona ustav kapitali miqdorida belgilanadi;

davlat aktivlarini sotib oluvchilar toʻlovlarni qonunchilikda belgilangan tartibda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti asosida amalga oshirishi mumkin;

davlat ulushlarini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olish shartnomalari doirasida belgilangan grafikka asosan qisman toʻlovni amalga oshirgan xaridorlarga toʻliq toʻlovlar amalga oshirilgunga qadar ulush qiymatining toʻlangan qismiga mutanosib ravishda jamiyat boshqaruvida ishtirok etish va dividendlar olish huquqi asosida “tasarruf etish huquqisiz” egalik sertifikati beriladi;

davlat koʻchmas mulki obyektlarini sotib olish shartnomalari doirasida qisman toʻlovni amalga oshirgan xaridorlarga sotib olish toʻlovini toʻliq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” davlat orderi beriladi.

13. Agentlik Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda:

bozorlar va savdo komplekslari ahamiyatidan kelib chiqqan holda, Agentlik va uning hududiy boshqarmalari qoshida bozor va savdo komplekslarini sotishdan oldin tayyorlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha boshqaruv kompaniyalarini tashkil etish;

ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, ustav kapitalida davlat ulushi mavjud boʻlgan bozor va savdo komplekslarini zamonaviy koʻrinishga keltirish, sanitariya-gigiyena talablari darajasida saqlash, bozor faoliyati uchun zarur infratuzilmani shakllantirish;

bozor va savdo komplekslaridagi xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari hamda xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash nazarda tutilsin.

14. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.Umurzoqov, L.Qudratov, Sh.Vafayev) Agentlik bilan birgalikda:

a) mazkur Farmonga muvofiq sotiladigan korxonalar aksiya paketlari (ulushlari) va koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha:

ommaviy savdolarga chiqarishdan oldin mahalliy va xalqaro investorlarni jalb qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda salohiyatli investorlarni jalb qilish uchun muntazam ravishda uchrashuv, muloqot va taqdimotlar (“Road Show”) oʻtkazsin;

mazkur Farmonning 3-ilovasidagi davlat ishtirokidagi korxonalarga ilgʻor tajribaga ega salohiyatli xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha manzilli ishlarni tashkil qilsin;

b) 2021-yil 1-fevralga qadar xorijiy tajribani oʻrgangan holda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatiga tashqi boshqaruvni joriy etish hamda ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Agentlik:

Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining chet elda joylashgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish, shu jumladan, ularni sotish, ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga berish;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi, tegishli vazirlik, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda uch oy muddatda davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan korxonalar va tijorat banklarining asosiy faoliyatiga mos boʻlmagan aktivlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularni ommaviy savdolar orqali sotish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:

muassasa sifatida qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatini;

filial koʻrinishida qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatini;

davlat ulushi saqlab qolinadigan korxonalar roʻyxatini;

tugatish yoki bankrotlik taomillarini qoʻllash tashabbusi bilan chiqiladigan istiqbolsiz, faoliyat koʻrsatmayotgan, zarar koʻrib ishlayotgan va past rentabelli davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatini tasdiqlasin.

17. Agentlik Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda “E-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasida oʻtadigan ommaviy savdolar jarayonlarining shaffofligini taʼminlash, subyektiv yondashuvlarni toʻliq istisno qilish va xaridorlarga qulaylik yaratish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin:

2021-yil 1-yanvarga qadar yagona elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan savdolar tartib-taomillarini birxillashtirish boʻyicha yagona tartibni tasdiqlash va uning asosida davlat organlari bilan oʻzaro integratsiya qilingan savdo maydonchasining takomillashtirilgan dasturiy taʼminotini ishga tushirish;

2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha auksion savdolari natijalarini QR-kodni qoʻllash orqali rasmiylashtirish;

davlat koʻchmas mulki obyektlari va ulushlarini sotish boʻyicha takroriy auksion savdolarini har 10 kalendar kunda bir marotaba davriylikda amalga oshirish;

xaridorlarning takliflarini auksionda lotlar eʼlon qilingan paytdan boshlab qabul qilish;

davlat aktivlarini sotish shartlariga muvofiq boʻlgan buyurtmanoma faqat bir nafar talabgor tomonidan berilgan boʻlsa, ushbu yagona ishtirokchi bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzish, bundan “1 soʻm” boshlangʻich narxda savdoga chiqarilgan davlat ulushi va koʻchmas mulk obyektlari mustasno.

18. Agentlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmonning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik subyektlari va aholi oʻrtasida keng targʻib qilish va yoritishga qaratilgan media-rejani tasdiqlasin va uning ijrosini taʼminlasin.

19. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (Biznes-ombudsman) Bosh prokuratura bilan birgalikda davlat aksiya paketlari (ulushlari)ni sotib olgan investorlarning, shu jumladan, minoritar aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini, ularni jamiyat boshqaruv organida ishtirok etishida toʻsqinlik qiluvchi holatlar aniqlanganda qonunchilikda belgilangan qatʼiy choralar koʻrilishini taʼminlasin.

20. Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda 2020-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash uchun kiritsin;

2020-yil 1-dekabrga qadar “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi va “Xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini ishlab chiqsin va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin;

uch oy muddatda xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini xatlovdan oʻtkazib, unifikatsiya qilgan holda xususiylashtirish toʻgʻrisidagi yangilangan nizomlarni tasdiqlasin.

21. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 27-oktabr

Manba: O'zA

Поделиться