Poytaxtimizda pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar va Oʻzbekiston aholisining kambagʻallik darajasini qisqartirish masalalariga bagʻishlangan iqtisodchilar forumi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik tashkilotlar masʼullari va mutaxassislar ishtirok etdi.
“COVID-19” bilan bogʻliq muammolarning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, pandemiyaning respublika iqtisodiyotiga taʼsirini yumshatish borasida koʻrilayotgan choralar amaliy natijalar berayotgani taʼkidlandi.
Forumdan koʻzlangan maqsad jahon iqtisodiyoti turli talafotlarni boshdan kechirayotgan va iqtisodiy inqirozlar yuz berayotgan ayni sharoitda har bir mamlakat, hudud, korxona, tadbirkor va aholi iqtisodiy jihatdan oʻzini qanday himoya qilmogʻi kerakligi hamda pandemiya keltirib chiqarayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni hal etish boʻyicha ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Xalqaro forumda mutaxassislar pandemiya sharoitida Oʻzbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini pronoz qilishda makroiqtisodiy yondashuvlar, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash choralari va mexanizmlarini takomillashtirish, bozor jarayonlarini yana-da faollashtirish, raqamlashtirish sharoitida kambagʻallikni kamaytirish omili sifatida yangi sanoat va real sektorni rivojlantirish, bandlik va aholi faravonligini oshirish, xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokamasiga eʼtibor qaratdi.
- Nufuzli xalqaro tashkilot vakillari ishtirokidagi forumda pandemiya sharoitida iqtisodiy vaziyat haqida zarur maʼlumotlarga ega boʻldik, - dedi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi departament boshligʻi Ilhom Mamatqulov. - Vazirlik tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqilayotgan “yashash minimumi” va “minimal isteʼmol savatchasi”ni hisoblash uslubiyoti loyihasi BMTTD, Jahon Banki va Osiyo taraqqiyot banki hamda mahalliy ekspertlar bilan muhokamadan oʻtkazilgan holda takomillashtiriladi. Konsepsiyada yaqin istiqbolda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar – 2030-yilga qadar aholining oʻta qashshoqlik shaklini bartaraf etish, kambagʻallikni 2030-yilda 2017-yilga nisbatan 2 baravarga qisqartirish hamda hududlarning mavjud salohiyatini kambagʻallikni qisqartirish uchun safarbar etish yoʻllarini ishlab chiqish, jumladan, pandemiya sharoitida faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan korxonalar faoliyatini tiklash uchun zarur sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jahon banki vakili Eskender Trushinning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda davlat moliyaviy boshqaruvini isloh qilish holati xalqaro miqyosda eng yaxshi amaliyot darajasidadir.
- 2017-2019-yillarda Oʻzbekiston hukumati iqtisodiyot, jamiyat va davlatni oʻzgartirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishni boshladi. Islohotlar jarayonida davlatning tovar va xizmatlarning egasi, boshqaruvchisi va ishlab chiqaruvchisi sifatida iqtisodiyotdagi roli oʻzgarib, davlat moliyasi oʻzgarib bormoqda. Islohotlar kun tartibi ichki va tashqi taʼsirlarga qarshi xavfsizlik yostiqchalarini yaratadigan va iqtisodiy oʻtish davrida zaif uy xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlaydigan ishonchli makroiqtisodiy siyosat bilan asoslanadi.
Davlat byudjetini yaxshiroq sarflash, oshkoralik va davlat moliyasini boshqarish institutlarini takomillashtirish yuqori sifatli davlat xizmatlarini koʻrsatish, makroiqtisodiy barqarorlikni va kuchli iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun juda muhimdir. Yaqinda oʻtkazilgan soliq islohoti soliq siyosati va maʼmuriyatchiligini soddalashtirdi va bir qator soliq stavkalarini davlat daromadlariga xavf tugʻdirmasdan pasaytirdi, - dedi E.Trushin.
Manba: O'zA