Oʻzbekiston xotin-qizlar iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha hujjat imzolandi
Senat Raisi Tanzila Norboyeva rahbarligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi “Xotin-qizlar iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha harakatlarga daʼvat" (Call to Action on Womenʼs Economic Empowerment) mavzusida AQSH Davlat departamenti tomonidan virtual shaklda tashkil etilgan xalqaro forumda ishtirok etdi.
Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi xabariga koʻra, forum davomida ishtirokchilar xotin-qizlar iqtisodiy huquqlarini kengaytirish, ularning global iqtisodiyotdagi rolini kuchaytirish, shuningdek, butun dunyoda ayol tadbirkorlarga oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun teng sharoit va imkoniyatlarni toʻliq yaratish masalalarini muhokama qildi.
Tadbirda Oʻzbekiston, AQSH, Albaniya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Vetnam, Hindiston, Kolumbiya, Kot-DʼIvuara, Marokash, Marshal orollari respublikasi, Ruanda, San-Marino va Estoniya hukumatlari va parlamentlarining yuqori martabali vakillari ishtirok etdi. Ushbu mamlakatlarning Vashingtonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bevosita forumda ishtirok etish uchun AQSH Davlat departamentiga taklif etildi. Elchixonamiz nomidan elchi Javlon Vahobov ishtirok etdi.
AQSH tomonidan davlat kotibi Maykl Pompeo, Prezident maslahatchisi Ivanka Tramp, Milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Robert OʻBrayen va AQSHning BMTdagi doimiy vakili Kelli Kraft qatnashdi. Marosimni Davlat departamentining Xotin-qizlarning global masalalari boʻyicha idorasi rahbari, alohida topshiriqlar boʻyicha elchi Kelli Kyurri olib bordi.
Maykl Pompeo Oq uy rahbariyati nomidan barcha delegatlarga “forumda ishtirok etayotganligi va oʻz mamlakatlari hukumatlarining xotin-qizlarga jahon iqtisodiyotini rivojlantirishda erkin ishtirok etish imkoniyatlarini toʻliq yaratish boʻyicha saʼy-harakatlari uchun” oʻz minnatdorligini bildirdi. U “Qoʻshma Shtatlar hamkor mamlakatlarning Vashington tashabbusini qoʻllab-quvvatlayotganidan faxrlanadi hamda tinchlik va taraqqiyotning umumiy qadriyatlarini targʻib qilish ishida mamlakatlar bosh boʻlganligini unutmaydi” deb taʼkidladi.
Prezident maslahatchisi I.Trampning qayd etishicha, “BMTga aʼzo davlatlar orasida targʻib qilinayotgan va AQSHning global miqyosda xotin-qizlar kamolotiga erishish tashabbusi tamoyillariga asoslangan xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha harakatlarga daʼvat AQSH va 31 ta mamlakatning butun dunyoda xotin-qizlarga iqtisodiy imkoniyatlar taqdim etishga sodiqligi eʼtirofidir”.
Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidentining Milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi R.OʻBrayen taʼkidlaganidek, “forum xotin-qizlarning iqtisodiy jarayonlarda toʻlaqonli va moneliksiz ishtirok etishini taʼminlash orqali jahonni barqaror rivojlantirish maqsadlariga ishtirokchi davlatlarning qatʼiy sodiqligini namoyon etadi”. “Xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish AQSH tashqi siyosatining va milliy xavfsizlik strategiyasining asosiy yoʻnalishi hisoblanadi”, - dedi maslahatchi.
AQSHning BMTdagi elchisi Kelli Kraftning soʻzlariga koʻra “butun jahonda xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish Prezident D. Tramp maʼmuriyatining eng ustuvor vazifalaridan biridir”. “Ushbu tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi va Xotin-qizlar holati, tinchlik va xavfsizlik boʻyicha Toʻrtinchi Butunjahon konferensiyasining 25 yilligi nishonlamoqda. Xotin-qizlar inson huquqlarini taʼminlash va tinchlikni saqlashda hal qiluvchi rol oʻynaydi” - dedi amerikalik diplomat.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva oʻz nutqida “xotin-qizlarning Oʻzbekiston siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini faol qoʻllab-quvvatlash respublika hukumatining asosiy vazifasi hisoblanishini” taʼkidladi. Tadbir ishtirokchilarining alohida eʼtibori mamlakat Rahbariyati tomonidan keyingi vaqtda mamlakatni yana-da rivojlantirish uchun hayotiy muhim qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning rolini sezilarli darajada oshirishga qaratilgan bir qator qarorlarga qaratildi.
Forum yakunida “Xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha harakatga daʼvat” nomli hujjatni rasmiy imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Hujjat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ragʻbatlantirish va himoya qilishni, ayollarning global iqtisodiyotning farovonligi va barqarorligini taʼminlashdagi asosiy rolini tasdiqlashni nazarda tutadi. Unda BMT Nizomiga sodiqlik va gender tengligini targʻib qilish, shuningdek, ayollarga taʼlim berish va oʻqitish borasidagi mavjud hamda paydo boʻlayotgan muammolarni hal etish qayd etilgan.
Chaqiriqda BMT tizimidagi ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini uch oʻlchov boʻyicha: inson resurslarini rivojlantirish va malaka oshirish; tadbirkorlik va kapitaldan foydalanish imkoniyati; ayollarning iqtisodiy hayotda ishtirok etishlari uchun qulay muhit yaratishga eʼtibor qaratiladi.
Bundan tashqari, shartnomani imzolagan mamlakatlar xotin-qizlarning iqtisodiyotda toʻla va erkin ishtiroki yoʻlidagi huquqiy, meʼyoriy va boshqa toʻsiqlarni olib tashlash, shu jumladan ayollarning muassasalar imkoniyatlaridan foydalanish va kapital olish, mulkka egalik qilish hamda uni boshqarish, erkin sayohat qilish va erkaklar bilan bir xil sohalarda ishlash imkoniyatlarini yaratish zarurligini taʼkidlamoqda.
Oʻzbekiston Amerika tashabbusini qoʻllab-quvvatlagan davlatlarning asosiy guruhiga (31 mamlakat) aʼzo boʻldi. Chaqiriqni virtual rejimda mamlakatimiz nomidan Tanzila Norboyeva imzoladi.
Uchrashuv doirasida Vashingtondagi diplomatik vakolatxonamiz rahbarining maxsus topshiriqlar boʻyicha elchi Kelli Kyurri bilan uchrashuvi chogʻida diplomat respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va AQSHning xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlarini ragʻbatlantirish sohasidagi tashabbusini faol qoʻllab-quvvatlaganligi uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. K.Kyurri “Senat rahbariyatining nutqi va mamlakatning jamiyatdagi ayollarning oʻrni va huquqlarini mustahkamlash borasidagi yutuqlari toʻgʻrisida tayyorlangan videorolik marosimning juda muhim va yorqin qismiga aylandi” deya taʼkidladi.
Amerikalik diplomat taʼkidlaganidek, “Oʻzbekistonning gender tenglik sohasidagi soʻnggi yillarda erishgan yutuqlari juda taʼsirli va respublika hayotining barcha sohalarida xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalarida boshqalar uchun oʻrnakdir”. “Senat Raisi Tanzila Norboyevaning parlament yuqori palatasiga birinchi ayol rahbar boʻlib tayinlanishi hozirgi Oʻzbekistonda yuz berayotgan oʻzgarishlarning yorqin ifodasi”, deya xulosa qildi Davlat departamenti vakili.
Manba: O'zA