O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sirdaryoda telekommunikatsiya va pochta xizmatlari davr talabiga moslashtirilmoqda
2020-10-26 | Texnologiyalar
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida Sirdaryo viloyatidagi tumanlarda telekommunikatsiya va pochta xizmatlarini zamon talablariga moslash uchun ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunga misol qilib, viloyatdagi, Sardoba tumani Do‘stlik mahallasida, Mirzaobod tumani Navbahor mahallasi, Oqoltin tumani Shodlik mahallasi hududlaridagi yangi tashkil qilingan massivlarga qadar 63,36 kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi.
Sardoba tumani Do‘stlik mahallasidagi 37 ta, Mirzaobod tumani Navbahor mahallasidagi 18 ta va Haqiqat mahallasidagi 40 ta yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini (telefon aloqasi, internet, IP-televideniye xizmatlari) ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida ko‘p qavatli uylar orasiga 2,87 kilometr aloqa quvurlari yotqizildi, 11,45 kilometr aloqa tarmoqlari qurildi, 132 ta 3168 portli zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari o‘rnatildi.
Oqoltin tumani, Sahovat MFYdagi 14 maktabga zamonaviy kompyuterlar taqdim etildi. Informatika xonasida masofaviy onlayn ta’lim tashkil etildi.
Mahalla hududida qurib bitkazilgan kutubxonaga zamonaviy kompyuterlar taqdim etildi. Kutubxonada yuqori tezlikdagi internet xizmati hamda Wi-Fi hudud tashkil etilib, kitobxonlar uchun Alisher Navoiy Milliy kutubxonaning axborot-kutubxona fondiga va yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlariga onlayn tarzda kirish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, 2020 yil 22-oktabr kuni Mirzaobod tumani “Navbahor” mahallasi hududida yangi va zamonaviy “Navbahor” pochta aloqa bo‘limi foydalanishga topshirildi. Mazkur pochta aloqa bo‘limi aholiga zamonaviy pochta xizmatlarini ko‘rsatish va qulayliklar yaratish maqsadida yuqori tezlikdagi internet, kompyuter va infokiosk qurilmalari bilan ta’minlanib, an’anaviy pochta xizmatlari, tezkor pochta xizmati, elektron pul o‘tkazmalari, davriy nashrlar sotuvi, obuna hamda yuridik va jismoniy shaxslardan kommunal to‘lovlarni qabul qilish kabi 40 dan ortiq xizmat turlarini yo‘lga qo‘ydi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi