Shavkat Abdurazzoqov: viloyat oziq-ovqat zaxira jamg‘armasiga 10 milliard so‘m yo‘naltiriladi
Deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda hokimlik mutasaddilari, sektorlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirokidagi xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining o‘ninchi sessiyasi qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
2020-yilning 16-oktabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan bir qator topshiriqlar berildi.
Sektorlar rahbarlari – viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov, viloyat prokurori Jahongir Hotamov, viloyat IIB rahbari Odil Otaxo‘jaev, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Tillavoldievlar bu borada Namangan viloyati hududlarida olib borilayotgan chora-tadbirlar, kelgusidagi rejalar haqida deputatlar oldida hisob berdi.
Viloyat rahbarining ta'kidlashicha, bugungi kunda 2 million 834 ming kishi istiqomat qilayotgan Namangan viloyatida me'yor bo‘yicha aholi iste'moli uchun kelgusi olti oy davomida salkam 40 ming tonna mol go‘shti, 21 ming tonna tovuq go‘shti, 10,1 ming tonna baliq, 74,6 ming tonna kartoshka, 13,9 ming tonna guruch, 128,6 ming tonna un, 15,6 ming tonna shakar, 12,9 ming tonna o‘simlik yog‘i, 9,5 ming tonna piyoz va 27,8 ming tonna sabzi mahsulotlari talab etiladi.
Joriy yilda 154,2 ming tonna mol go‘shti, 283,2 ming tonna kartoshka, 12,7 ming tonna tovuq go‘shti, 6,9 ming tonna baliq, 104,8 ming tonna piyoz, 145,1 ming tonna sabzi, 8,3 ming tonna guruch, 197 ming tonna un, 30,5 ming tonna o‘simlik yog‘i yetishtirilishi hisob-kitob qilingan. Viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hisobidan, go‘sht, kartoshka, tuxum, piyoz va sabzi mahsulotlari to‘liq qoplanadi. Parranda go‘shti, baliq, un, shakar va o‘simlik yog‘larining ehtiyoj uchun yetishmagan qismi esa boshqa viloyatlar va import hisobidan qoplanishi rejalashtirilmoqda.
2020-2021 yillar qish-bahor mavsumida ichki bozorni asosiy turdagi mahsulotlar bilan kafolatli ta'minlash, narx-navolarni barqarorligini ta'minlash maqsadida eng avvalo, hududiy tayyorlovchi korxonalar va tashkilotlari hamda ijtimoiy soha ob'ektlari tomonidan shu yilning 1 dekabrigacha kartoshka, piyoz, sabzi va guruch kabi 66 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish rejalashtirildi. Ushbu mahsulotlarni zaxiraga jamg‘arish uchun jami 80 ming 917 tonna sig‘imga ega bo‘lgan 722 ombor va sovutgichli kameralar shay holga keltirildi.
– Muhtaram Prezidentimiz tomonidan mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismini hududlarning o‘zida qoldirish bo‘yicha bergan topshiriqlari alohida o‘rin tutmoqda. Viloyatda iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashash, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarini g‘amlash, saqlash va iste'molga yo‘naltirish maqsadida viloyat hokimligi huzurida “Viloyat oziq-ovqat zaxira” jamg‘armasi tashkil etdik. Mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan avvaliga 10 milliard so‘m o‘tkazib berimiz, – dedi Shavkat Abdurazzoqov.
Dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlar narxlarining barqarorligini ta'minlash maqsadida dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari uchun yetishtirilgan mahsulotlarini vositachisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyatini yaratish maqsadida 14 markaziy dehqon bozorlarida “Elga xizmat rastalari” yo‘lga qo‘yiladi. Go‘sht narxini sun'iy oshib ketishiga chek qo‘yish uchun har bir bozorda qassoblar ishtirokida go‘sht pavil'onlari tashkil etiladi. Shuningdek, har bir mahallada oziq-ovqat savdo do‘konlari va kichik ekobozorlarni tashkil etish bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilib, joriy yil 1 noyabr' kunidan qurilish ishlari boshlanadi.
Viloyat rahbari Shavkat Abdurazzoqov oziq-ovqat xavfsizligi borasida ushbu sohaga ixtisoslashtirilgan yirik korxonalarga markaziy bozorlardan joy ajratish va ularning mahsulotlarini “birinchi qo‘l” sifatida arzon narxda sotilishiga imkon yaratish kerakligini aytdi. Dehqon bozorlarida dehqonlar emas, “olib-sotar”lar mahsulot sotayotgani, bu borada nazorat yo‘qligi, bozorlar ma'muriyati dehqonlar mahsulot sotishiga qarshilik ko‘rsatishini, buning oqibatida ayni paytda meva-sabzavotlar, ayniqsa kartoshka va o‘simlik yog‘i narxlari oshib ketganligini tanqid qildi. Bozorlarda dehqonlarga zarur sharoitlar yaratish, ularga ulgurji savdoni amalga oshirishlari uchun imkon berish zarurligini ta'kidladi.
Sessiyada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida Namangan viloyatida 3197 gektar yer maydonlarini chorvachilikka o‘zlashtirish bo‘yicha davlat tomonidan subsidiyalar ajratilgani ma'lum qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy Kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kommissiyasi raisi Tolibjon Madumarov so‘zga chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va iste'mol qilish, narx-navolar barqarorligini saqlash bo‘yicha aniq mexanizm ishlab chiqish, bu borada mahalliy kengashlar tomonidan deputatlik so‘rovlaridan oqilona foydalanish muhim o‘ringa ega ekanligini qayd etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat)
Manba: O'zA