Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegasiyasining Kobul shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi vazirlik va idoralari rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Afg‘oniston tomonidan sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nisar Ahmad Gor'yani, transport vaziri vazifasini bajaruvchi Qudratulla Zaki, jamoat ishlari vaziri vazifasini bajaruvchi Najibulloh Yamin, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston tomonidan Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Energetika vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va boshqa tashkilotlar rahbariyati ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport va energetika sohalariga urg‘u bergan holda, ko‘p qirrali sheriklikni o‘rnatishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
To‘qimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish tarmoqlari, avtomobil' va qishloq xo‘jaligi texnikalari, oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi eng istiqbolli sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali sanoat hamkorligini yanada kengaytirish va diversifikasiya qilish uchun mavjud shart-sharoitlar muhokama qilindi. Shuningdek, Afg‘onistonning bir qator sanoat korxonalarini modernizasiya qilish bo‘yicha ishga tushirilgan loyihalarni implementasiya qilish bilan bog‘liq amaliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘zaro savdo rivojlanishining ijobiy tendensiyalarini ta'kidladilar - faqatgina 2020 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan savdo aylanmasining 24 foizga o‘sishiga erishildi. Shu nuqtai nazardan, ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanish hisobiga o‘zaro savdoni yanada oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ham qayd etildi. Shu munosabat bilan uchrashuv chog‘ida savdo qilishda mavjud bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etish hamda o‘zbek va afg‘on kompaniyalari tomonidan tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi uchun sharoitlarni optimallashtirish bo‘yicha istiqbolli takliflar muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitim loyihasini tayyorlash bo‘yicha ikki mamlakatning tegishli idora va vazirliklarining birgalikdagi ishlarini faollashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, xalqaro savdo hajmining global pasayishi fonida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida o‘zaro yuk tashish dinamikasi barqaror o‘sish sur'atlarini namoyon etayotganligi ta'kidlandi - joriy yilning yanvar' oyidan sentyabr' oyigacha bo‘lgan davrda temir yo‘l va avtomobil' transporti orqali tashishlar hajmi 47 foizga oshdi. Uchrashuv ishtirokchilari ta'kidlaganidek, bu - ikki tomonlama yo‘lovchi va yuk tashishlarni tartibga solish tizimini optimallashtirish va qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlar hisobiga transport-logistika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashning ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
Tadbir davomida O‘zbekiston delegasiyasi ishtirokida Afg‘oniston Islom Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 110 mln dollar ajratishni nazarda tutuvchi "Surxon-Puli-Xumri" elektr uzatish liniyasi qurish loyihasini moliyalashtirish to‘g‘risida bitim imzolandi. Mablag‘larning asosiy qismi tashkilotning o‘zbek pudratchilari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish ishlariga yo‘naltiriladi. Yaqin kelajakda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ va "DA Afg‘oniston Breshna Shirkat" o‘rtasida ushbu EULni qurish bo‘yicha tegishli shartnoma imzolanadi.
Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti kun tartibidagi asosiy masalalarni muhokama qilishga, o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqishga, belgilangan yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishishga, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlarni belgilab olishga hamda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ga kiritish uchun chora-tadbirlarning dastlabki ro‘yxatini shakllantirishga imkon berdi.
Kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv yakunida ishtirokchilar tadbir doirasida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikka kuchli turtki berishiga va Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni mustahkamlashga xizmat qilishiga qattiq ishonch bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi