O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha videokonferensiya shaklidagi “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” muloqotida ishtirok to‘g‘risida
2020-10-20 | Xavfsizlik sohasi
2020-yil 20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” muloqotining navbatdagi raundida ishtirok etdi. Tadbir onlayn rejimda o‘tkazildi.
Yevropa tomonidan Yevropa tashqi faoliyat xizmati bosh kotibi Helga Shmid, Markaziy Osiyo davlatlaridan esa tashqi ishlar vazirlarining mas’ul o‘rinbosarlari qatnashdi. An’anaga muvofiq mintaqalararo tadbirda Afg‘oniston TIV rahbari o‘rinbosari ham ishtirok etdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari, mintaqa mamlakatlarining YI bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorligi to‘g‘risida fikr almashdi. Afg‘onistonni mintaqaviy ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarga faol jalb qilish yo‘li bilan mazkur mamlakatda tinchlikka erishishga ko‘maklashish masalasi muhokama qilindi.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali kurashish hamda uning oqibatlarini kamaytirish uchun yaqindan hamkorlik qilishni davom ettirish va sa’y-harakatlarni birlashtirishning muhimligi qayd etildi.
Markaziy Osiyoning global iqtisodiyotga integratsiyasi, transport va tranzit koridorlarini rivojlantirish hamda mintaqa davlatlari o‘rtasida chegaraoldi savdo hududlarini tuzish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi