O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mark Riz: Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» asarini ingliz tiliga tarjima qilmoqchiman
2020-10-20 | Madaniyat
21-oktabr O‘zbek tili kuni bayrami munosabati bilan AQSh harbiy-dengiz akademiyasi Mintaqaviy tadqiqotlar markazining sobiq direktori Mark Riz xalqimizga o‘zining samamiy tabrigini yo‘lladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
- Sizni O‘zbek tili kuni bayrami bilan chin yurakdan muborakbod etaman, - dedi M.Riz. - Men Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini ingliz tiliga tarjima qilganimni yaxshi bilasiz. O‘zbek tili mening hayotimga juda katta ta’sir ko‘rsatgan. 1994-yil Qo‘qon shahrida yashagan davrimdan boshlab o‘zbek tilini o‘rganayapman.
O‘sha paytda O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishganiga 3 yil to‘lgan edi. Men «Tinchlik korpusi» vakili edim. Shu o‘rinda aytishim joizki, so‘nggi 26 yil mobaynida o‘zbek tili meni butunlay o‘ziga maftun etdi. Men bu tilning «asiri»ga aylandim. O‘zbek urf-odatlarini, mamlakatingiz tarixini, madaniyatini va diniy ta’limotini o‘zbek tilini chuqur bilish orqaligina o‘rganish mumkin. Shuning uchun ham o‘zbek tili hayotimda alohida iz qoldirgan.
Xudo xohlasa, kelgusi yil Toshkentga borib, o‘zbek tilini yanada chuqurroq o‘rganishni niyat qilayapman. Shu bilan birga, Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» asarini tarjima qilish asosiy rejalarimdan biri.
O‘zbekistonni, o‘zbeklar bilan bir dasturxon atrofida o‘tirib choy ichib, suhbatlashishni juda sog‘indim.
Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin!
Manba: “Dunyo” axborot agentligi