2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi
Joriy yilning 17-18 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligidagi hamda vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlaridan iborat ishchi guruhi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning monitoringini olib borish hamda mavjud muammoli masalalarni o‘rganish va ularni hal etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlariga va Nukus shahriga safarlarni amalga oshirdi.
Joylarga chiqish hamda har bir tumandagi mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlari aholisi bilan bevosita muloqot qilish chog‘ida hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan hukumat qarori loyihasiga kiritiladigan iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi vazifalar belgilab olinib, aniq takliflar tayyorlandi.
Hujjat loyihasi Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va Nukus shahri Kengashlari yig‘ilishlarida taqdim etildi va muhokama qilindi. Bu tashabbus ham aholining real muammolarini aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha samarali takliflarni ishlab chiqish imkonini berdi.
Shuningdek, bir qator ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari va ularni implementasiya qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari ustida ish olib borildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning 24 ta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha orqada qolayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari aholisining farovonligini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan dasturlarning maqsadli parametrlari alohida tartibda o‘rganildi. Shuningdek, eng murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat kuzatilgan 45 mahallani kompleks rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturlar tayyorlashning borishi ko‘rib chiqildi.
Shu nuqtai nazardan, iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash va ishga solish hamda aniq loyihaviy takliflarni ishlab chiqish maqsadida hududning investisiya va sanoat salohiyatini batafsil o‘rganish zaruriyati qayd etildi.
Shuningdek, sanoat va qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish hamda eksportga yo‘naltirilgan yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etish hisobiga aholi bandligini ta'minlashga qaratilgan qator investisiyaviy loyhalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Viloyatda qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va zarur jihozlar bilan ta'minlanishga muhtoj ijtimoiy soha hamda muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasining barcha ob'ektlarini hisobga olish va tegishli manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, Qonliko‘l tumanida sog‘liqni saqlash sohasini, Ellikqal'a tumanida maktabgacha ta'lim sohasini, Taxiatosh va Nukus tumanlarida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, Kegeyli va Mo‘ynoq tumanlarida yo‘l infratuzilmasini mustahkamlash, Qorao‘zak va Chimboy tumanlarida ichimlik suvi bilan ta'minlash tizimini rivojlantirishga o‘tkir ehtiyoj sezilayotganligi qayd etildi.
Olib borilgan ishlar yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri va barcha tumanlariga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va rais o‘rinbosarlari, Nukus shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi barcha tumanlarining hokimlari va sektor rahbarlari ishtirokida videokonferensiya orqali yig‘ilish o‘tkazildi. Uning davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasida mahalliy Kengashlar deputatlarining fikr-mulohazalari va takliflarini har tomonlama hisobga olish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi