Samarqand shahrida joriy yil 1-noyabr kuni oʻtkaziladigan Samarkand Half Marathon (yarimmarafon)ga tayyorgarlik ishlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida bu yil ikkinchi marta tashkil etilayotgan mazkur xayriya yugurishi mamlakatimizda madaniyat va sanʼat obyektlarida inklyuzivlik muammosiga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish va sport turizmini rivojlantirishga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Samarkand Half Marathon tashkiliy qoʻmita raisi A.Abduhakimov, jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari R.Ermatov va boshqalar bu yilgi marafon autizmga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlanishini taʼkidladi.
Dunyodagi ogʻir epidemiologik vaziyat tufayli Samarqandga kela olmaydigan ishtirokchilar virtual formatda marafonda qatnashishlari mumkin. Virtual yugurish formati ishtirokchilariga manzil va masofani tanlash erkinligini beradi hamda natijalar Strava ilovasida qayd etilgan maʼlumotlarga koʻra qabul qilinadi.
Dastlab professional sportchilar uchun 21 km masofaga moʻljallangan klassik yarimmarafon oʻtkaziladi. Shundan soʻng boshqa ishtirokchilar, shuningdek, bu yil ilk bor bolalar ham marafonda qatnashadi.
Marafonda qatnashish istagida boʻlganlar 1-noyabrga qadar yarimmarafonning www.samarkandhalfmarathon.uz saytida ishtirokchi sifatida roʻyxatdan oʻtishi lozim.
Matbuot anjumanida yarimmarafon dasturida ishtirok etuvchi xalqaro tashkilotlar vakillari “Autizm. Doʻstona muhit” dasturi menejeri Aleksandra Petrova va Yekaterinburg shahridagi "Otkrыtыy gorod” ANT direktori, “Gorod masterov” ijtimoiy ustaxonalari rahbari va autizmga chalingan bolalar va kattalar uchun bir qator yirik inklyuziv ijodiy loyihalar direktori Anna Kleщyova, Oʻzbekiston xizmat koʻrsatgan artist Sevara Nazarxon ham onlayn ishtirok etib, oʻz fikrlarini bildirdi.
Matbuot anjumani davomida tashkilotchilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Anjumandan soʻng A.Abduhakimov boshchiligidagi tashkiliy qoʻmita aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari velosipedda yarimmarafon yoʻnalishini koʻzdan kechirdi.
Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat)
Manba: O'zA