Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan Samarqandga info-tur tashkil etildi.
Kunning birinchi yarmida Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti ochilish marosimiga guvoh boʻlgan jurnalist va blogerlar kunning ikkinchi yarmida Samarqand tumani Konigil qishlogʻida tashkil etilgan sayyohlik shaharchasi ochilish marosimida qatnashdi.
Bu yerda qadimiy anʼanalar asosida Samarqand qogʻozi, kulolchilik mahsulotlari, duradgorlik buyumlari, yogʻ ishlab chiqarish, suv tegirmoni yordamida un tayyorlash yoʻlga qoʻyilganiga guvoh boʻlishdi.
Taʼkidlash lozimki, Konigil qishlogʻi bugun tanib boʻlmas darajada oʻzgargan. Oʻzining goʻzal tabiati, uzoq tarixiy qadriyatlari va hunarmandchilik rivojlangan markaz sifatida bu hudud mahalliy va xorijiy sayyohlarning eʼtiborini tortadi. Hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik bilan mashhur boʻlgan qishloq aholisi oʻzining mehmondoʻstligi bilan ham tanilgan. Shuningdek, ushbu hududning har bir mehmoni mazkur joyda yetishtirilgan guruch va yogʻdan tayyorlangan palovni tatib koʻrish imkoniyatiga ega.
Bir soʻz bilan aytganda, Konigil sayyohlik shaharchasida mehmonlarning madaniy dam olishlari, xalq hunarmandchiligi va anʼanaviy urf-odatlarimiz bilan tanishishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Konigil sayyohlik shaharchasi ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov, viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.
Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat)
Manba: O'zA