O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Adliya vaziri Oliy Majlis Qonunchilik palatasida huquqiy targ‘ibot bo‘yicha axborot berdi

2020-10-15 | Jamiyat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2020-yil, 14-oktabr kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletovning “Huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Vazir o‘z axborotida so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsyaiga qarshi kurash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini o‘stirish, qonun hujjatlarini aholiga va ijrochilarga yetkazish, norma ijodkorligi va yuridik xizmatlar faoliyati bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida e'tibor qaratdi.
 
Jumladan, Xalq qabulxonalariga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinib, 30 ta soha (yo‘nalish) bo‘yicha manzilli targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borilayotganligi, shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda jinoyatchilik ko‘rsatkichi hamda ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlar ro‘yxati shakllantirilgan holda, mazkur hududlarda manzilli va predmetli targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirilganligi, umumiy olganda vazirlik tomonidan 2019 va 2020-yil birinchi yarmi davomida  jami 520 mingga yaqin huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgani ta'kidlandi.
 
Pandemiya vaqtida fuqarolar bilan qayta aloqani o‘rnatish maqsadida, ular uchun dolzarb va kundalik hayotda ko‘p duch kelinadigan holatlar bo‘yicha vazirlik veb-saytida 21 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oluvchi alohida “So‘ragan edingiz” bo‘limi ochilib, hozirga qadar ushbu bo‘limda jami 400 ga yaqin savol-javoblar joylashtirilib kelinayotganligi hamda fuqarolarning huquqiy maslahatga bo‘lgan ehtiyojini masofaviy tarzda qondirish maqsadida telegram messenjerida @huquqiy_maslahatbot, @notariusmaslahatibot, @davxizmataloqa_bot kabi telegram botlari ishga tushirilganligi aytib o‘tildi.
 
Fuqarolarga o‘zlari istagan vaqtda huquqiy ma'lumot bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Internet tarmog‘ida O‘zbekiston qonun hujjatlari milliy bazasi – “LexUZ” faoliyatini ham yanada takomillashtirilganligi,. mazkur saytdan bir kunda 45 mingacha odam foydalanayotgani va kunlik foydalanuvchilar soni oxirgi 4 yilda 3,5 barobarga o‘sganligi ta'kidlandi.
 
Shuningdek, vazirlik huquqiy targ‘ibotda yangi loyihalarni amalga oshirgan holda aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan, moddiy ahvolidan qat'i nazar, barcha aholi qatlamlarini bepul huquqiy maslahat bilan ta'minlashni nazarda tutuvchi 5 ta huquqiy portal (advice.uz – e-maslahat.uz, Milliy huquqiy internet portali, bolahuquqlari.uz, test.adliya.uz, hudud24.uz) ishlab chiqilganligiga hamda tadbirkorlar uchun bepul huquqiy ma'lumot va maslahat oladigan “Advice for business” yuridik portali ham ishga tushirilganligiga ham to‘xtalib o‘tildi.
 
“Madad” byurolari tomonidan 12 mingga yaqin fuqarolarga xizmat ko‘rsatildi, “Advice.uz” huquqiy axborot portali 60 mingdan ortiq savollarga onlayn rejimida javob berilganligi, sayyor huquqiy maslahat berish tizimi yo‘lga qo‘yilib, vazirlik rahbariyati tomonidan bevosita hududlarda o‘tkazilgan 40 dan ortiq sayyor qabullar jarayonida jami 3 799 nafar jismoniy va yuridik shaxs qabul qilinganligi axborot sifatida aytib o‘tildi.
 
Vazirlik tomonidan imkoniyati cheklangan, ko‘zi ojiz shaxslarga o‘z huquqlarini tushuntirishga ko‘maklashish maqsadida xalqaro tashkilotlarning grant mablag‘larini jalb qilgan holda brayl alifbosida 2 tomdan iborat “Ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami” 2 ming adadda nashr etildi va u ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid 29 ta qonun hujjatlardagi normalarni o‘z ichiga olgan.
 
Bundan tashqari, vazir o‘z axborotida bir qator davlat organlari va tashkilotlari sohasiga oid qonun hujjatlarini aholi va ijrochilarga yetkazishga yetarli darajada e'tibor qaratmayotganini qayd etdi. Bu borada yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
 
Shuningdek, vazirlik tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan hujjatlar, ishlab chiqilgan yuridik hujjatlar va ularning samaradorligi, eskirgan idoraviy hujjatlarni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish xususida ham to‘xtalib o‘tildi. Adliya vazirligi tomonidan kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan vazifalarga alohida e'tibor qaratildi.
 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari adliya vazirining axboroti va unda tilga olingan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
 
Yig‘ilishda R.Davletovning axboroti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

Поделиться