Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan 21-oktabr sanasi joriy yilda ilk bor yurtimizda til bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan davlat bojxona xizmati organlarida ham turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, uchrashuvlar tashkil qilib kelinmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida ham “Tilni asragan - elni asraydi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda davlatimiz tomonidan ma'naviy hayotimizni yanada rivojlantirish, jumladan, ta'lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, madaniyat, san'at va adabiyot sohalarini takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha qabul qilingan o‘nlab farmon va qarorlar o‘zbek tili ravnaqiga bevosita xizmat qilayotgani ta'kidlandi.
Hozirgi vaqtda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda xalqaro maydonda obro‘-e'tibori tobora yuksalib borayotgan O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.
Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e'tiborni mustaqillikka bo‘lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi