O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2020-10-14 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda oʻsimliklar karantini tizimini yangi bosqichga koʻtarish, sohaga ilm-fan yangiliklari, xalqaro amaliyot va raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmi va geografiyasini yana-da kengaytirish, ularni yetishtirish va tayyorlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda – Inspeksiya) tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy markazi negizida Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etilsin.

Toshkent davlat agrar universitetining Termiz, Nukus va Samarqand filialida hamda Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida Markazning zamonaviy laboratoriyalarga ega boʻlgan mintaqaviy filiallari tashkil qilinsin.

2. Quyidagilar Markaz va mintaqaviy filiallarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

respublika hududida katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin boʻlgan zararli organizmlarning fitosanitar xavf tahlilini oʻtkazish va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitar choralar ishlab chiqish;

karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar oʻchoqlarini yoʻq qilish va ulardan holi boʻlgan hududlarni belgilash, ular tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish;

karantin obyektlari va oʻsimliklarning boshqa xavfli zararli organizmlarini aniqlash va ular diagnostikasining ekspress-usullarini hamda ularga qarshi kurashishning uslublarini ishlab chiqish;

zararli organizmlarning qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga taʼsirini ilmiy jihatdan oʻrganish, ularni zararsizlantirishning innovatsion usullarini ishlab chiqish va yangi turdagi entomofaglar yaratish;

Inspeksiya xodimlariga, tadbirkorlik subyektlarining agronom hamda entomologlariga bilim berish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

xususiy sektor tomonidan tashkil etilgan, akkreditatsiyadan oʻtgan karantin laboratoriyalari tomonidan eksportga yuklanayotgan meva-sabzavot mahsulotlariga va boshqa materiallarga xulosa berishga ruxsat beriladi;

Inspeksiya tomonidan eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va tayyorlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining mutaxassislariga xalqaro standartlar va import qiluvchi davlatlarning fitosanitar talablari haqida bilim berib borish boʻyicha muntazam ravishda maxsus oʻquv kurslari tashkil etiladi;

b) 2021-yil 1-apreldan boshlab respublika hududiga xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari (samolyotlar, temir yoʻl vagonlari va konteynerlari, yuk avtomashinalari) yuk xonalarini karantin nazoratidan oʻtkazish va “detektor – xizmat it”laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi;

v) 2020-yil 1-noyabrdan boshlab:

eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga mahsulotlarni xorijiy davlatlar fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirish, tegishli maslahatlar va amaliy yordam berish uchun oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari biriktiriladi;

oʻz hududida aniqlangan zararli organizmlar hamda fitosanitar dala nazoratini oʻtkazish toʻgʻrisida Inspeksiyaga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

4. Quyidagilar:

2020-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida oʻsimliklar karantini faoliyatini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2020-2021-yillarda tashkil etiladigan oʻsimliklar klinikalari, biolaboratoriyalar va qadoqlash sexlarining prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi markaziy apparatining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalarining (keyingi oʻrinlarda – hududiy inspeksiyalar) namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;

oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari xodimlarining soni 6-ilovaga muvofiq;

avtomobil yoʻllaridagi, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo porti va TIF postlaridagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt roʻyxati 6a-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki:

ushbu qarorning 1-ilovasida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablagʻlari, Oʻsimliklar karantini tizimini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

Inspeksiya rahbari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga 2020-2021-yillarda tashkil etiladigan oʻsimliklar klinikalari, biolaboratoriyalar va qadoqlash sexlarining oʻz vaqtida barpo etilishi hamda ishga tushirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

6. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Markaz va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Hukumat qarori loyihasini qabul qilsin.

Bunda, Markaz “Oʻzagrokimyohimoya” AJ huzuridagi “Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” MCHJga qarashli Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur koʻchasi, 4-uy manzilida joylashtirilishi nazarda tutilsin.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

Markaz va uning mintaqaviy filiallari xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;

Markaz va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini moliyaviy taʼminlash Davlat byudjeti mablagʻlari, grantlar, byudjetdan tashqari mablagʻlar, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

Markaz va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini moliyalashtirish 2020-yilda Davlat byudjetidan Inspeksiyaga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi hamda 2021-yildan boshlab buning uchun Davlat byudjeti parametrlarida zarur mablagʻlar koʻzda tutiladi.

8. Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi va uning mintaqaviy filiallariga biriktirilayotgan muassasalar roʻyxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda, har bir muassasa katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin boʻlgan zararli organizmlarning fitosanitar xavf tahlilini oʻtkazish, kirib kelishining oldini olish va ularga qarshi kurashish boʻyicha ilmiy asoslangan choralar ishlab chiqish uchun mutaxassislarni biriktiradi.

9. Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Inspeksiya bilan birgalikda mazkur qarorga 7-ilovada keltirilgan muassasalar qoshida urugʻlar, oʻsimliklar, oʻsimlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha karantin laboratoriyalarini tashkil qilsin. Bunda:

Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi ilmiy loyihalarda ularning moddiy-texnik bazasini yana-da takomillashtirishga mablagʻlar yoʻnaltirilishini;

Fanlar akademiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot institutlari va Toshkent davlat agrar universitetining xodimlari laboratoriyalarga biriktirilishini hamda zamonaviy asbob-uskunalarda ishlash koʻnikmalarini shakllantirish uchun xorijiy stajirovkalar tashkil etilishini taʼminlasin.

10. Inspeksiya va Markaz vazifalaridan kelib chiqib:

Ilmiy-tadqiqot institutlari qoshidagi karantin laboratoriyalari tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi 8-ilovaga muvofiq;

respublikadagi biolaboratoriyalar va oʻsimliklar klinikalarini tegishli ilmiy-tadiqot va oliy taʼlim muassasalari kafedralariga biriktirish jadvallari 9 va 9a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, biolaboratoriyalar va oʻsimliklar klinikalarining faoliyatini har bir hududning xususiyatlari va tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, yangi turdagi entomofaglarni koʻpaytirish va mahsulot yetishtiruvchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha innovatsion usullarni ishlab chiqish, tegishli yoʻnalishlar boʻyicha uslubiy va amaliy koʻmak berish orqali ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari kafedralari muvofiqlashtirib boradi.

11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:

Inspeksiyaning xodimlariga qoʻyiladigan malaka talablari asosida tegishli oliy taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan 144 soatlik qisqa muddatli kurslarni ishlab chiqsin hamda Oʻsimliklar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari karantini taʼlim yoʻnalishining oʻquv rejasini qayta koʻrib chiqsin;

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filialida Oʻsimliklar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari karantini taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻysin;

Inspeksiyaning oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab barcha qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan professional taʼlim muassasalarida “Oʻsimliklar himoyasi laboranti” va “Oʻsimliklar himoyasi va karantini agronomi” kabi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻysin.

12. Inspeksiya:

a) quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

ikki oy muddatda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tez buziladigan meva-sabzavot mahsulotlari eksportga yuklanadigan joylarda zarur infratuzilma yaratish va uskunalar bilan jihozlash boʻyicha takliflarni;

2021-yil 1-iyulga qadar Davlat bojxona qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻsimliklar karantini chegara punktlarini respublika hududiga olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulotlarning turi boʻyicha ixtisoslashtirish yuzasidan tegishli qaror loyihasini;

ikki oy muddatda Oʻzstandart agentligi bilan birgalikda xususiy sektor tomonidan tashkil etilgan, akkreditatsiyadan oʻtgan karantin laboratoriyalari tomonidan eksportga yuklanayotgan meva-mahsulotlariga xulosa berish tartibini;

b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha Xalqaro konvensiya kotibiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda 2020-2022-yillarda sohadagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka bosqichma-bosqich uygʻunlashtirish choralarini koʻrsin;

v) 2021-yil 1-yanvarga qadar Davlat bojxona qoʻmitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimini “Yagona darcha” bojxona axborotlashtirilgan tizimiga integratsiya qilish ishlarini toʻliq yakunlasin. Bunda:

Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Kadastr agentligi, Gidrometeorologiya xizmati markazi tegishli ravishda oʻsimliklar va oʻsimlik mahsulotlari yetishtiradigan fermer va dehqon xoʻjaliklari, bogʻ-tokzorlar, aholi tomorqalari, ob-havo toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Inspeksiyaning “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga muntazam kiritilishi uchun ularni doimiy ravishda taqdim etib borsin;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bazasida “daladan eksportgacha” boʻlgan zanjirni qamrab oluvchi tizimni yaratsin va ishga tushirsin;

karantindagi va eksportga salbiy taʼsir etuvchi boshqa xavfli zararli organizmlar tarqalgan hamda ulardan holi boʻlgan hududlarning elektron xaritalari yuritilishini joriy qilsin;

“daladan eksportgacha” boʻlgan zanjirda “bar-kod” tizimini ishlab chiqish boʻyicha amaliy choralarni koʻrsin.

13. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Markaz va uning mintaqaviy filiallari, ilmiy-tadqiqot institutlari va Toshkent davlat agrar universitetining karantin laboratoriyalari barcha zarur laboratoriya uskunalari va texnik vositalar bilan jihozlanishi uchun ikki oy muddatda 50 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.

14. “Oʻzstandart” agentligi karantin laboratoriyalari faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish maqsadida Konvensiyaning laboratoriya diagnostikasi yoʻnalishidagi standartlari belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.

15. Kadastr agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyati hokimliklarining 10-ilovaga muvofiq binolarni hududiy inspeksiyalarga operativ boshqaruv huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Bunda, “Oʻzpaxtasanoat” AJ tizimidagi tashkilotlarga tegishli binolar qayta baholangan bozor qiymatida Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Davlat byudjeti oldidagi mavjud qarzdorliklarni qisqartirish hisobiga berilishi belgilansin.

16. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:

a) Bosh vazir oʻrinbosari Sh.Gʻaniyev bir hafta muddatda tashkiliy yigʻilish oʻtkazib, masʼul vazirlik, idora va hokimliklarning vazifalarini aniq belgilab bersin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan hududlar kesimida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning tasdiqlanishini taʼminlasin;

b) Inspeksiya (Ergashev):

ikki oy muddatda eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari biriktirilishini taʼminlasin;

2020-yil yakuniga qadar eksport qilinadigan mahalliy qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun xalqaro fitosanitariya sertifikati berilishi, ular yetishtirilgan dala, bogʻ va tomorqalar nazorati natijasida beriladigan ichki fitosanitariya sertifikatini joriy qilish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar klasterlar hududida davlat-xususiy sheriklik asosida biofabrika tashkil qilish, ularda yangi innovatsion texnologiyalar asosida entomofaglarni koʻpaytirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

2021-yil 1-yanvardan boshlab Markazda eksportbop mahsulot yetishtiruvchi, tayyorlovchi, saralovchi va qadoqlovchi tadbirkorlik subyektlaridagi hamkorlikni taʼminlovchi xodimlarning maxsus oʻquv kurslarida oʻqitilishini tashkil etsin;

olti oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda respublika manfaatlaridan kelib chiqqan holda 2020-2023-yillar davomida Ozarbayjon, Qatar, Turkiya, Latviya, Litva, Ukraina, Misr, Moʻgʻuliston, Chili, Afgʻoniston Islom Respublikasi va boshqa davlatlarning oʻsimliklar karantini sohasidagi vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish boʻyicha ikki tomonlama bitimlar tuzilishini taʼminlasin;

har chorakda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

v) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev) Inspeksiya bilan birgalikda mahalliy meva-sabzavotlar eksportiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan karantindagi va boshqa xavfli organizmlarga qarshi samarali kurashish, ular tarqalishining tezkor oldini olish uchun AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa ilgʻor davlatlar tajribalarini oʻrganish natijalari asosida qoʻllaniladigan innovatsion kimyoviy preparatlar va pestitsidlarning oʻrnatilgan tartibda ruxsat etilgan roʻyxatini muntazam ravishda muvofiqlashtirib borsin;

g) Tashqi ishlar vazirligi (Arziyev) muntazam ravishda xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan oʻzaro kelishuvga erishish orqali mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarining eksport bozorlarini kengaytirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin va hamkorlik qilish boʻyicha ikki tomonlama bitimlar tuzishda har tomonlama koʻmaklashsin;

d) Davlat bojxona qoʻmitasi (Azimov) hamda Ichki ishlar vazirligi (Bobojonov) Inspeksiya talablaridan kelib chiqib, 2020-yil dekabrdan boshlab yiliga 5 tadan oʻsimliklar karantini sohasidagi “detektor – xizmat it”lari hamda 5 nafardan kinologlar tayyorlab berilishini taʼminlasin;

ye) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

bir oy muddatda mazkur qarorga 2-ilovada belgilangan prognoz koʻrsatkichlari boʻyicha Inspeksiya va “Oʻzagrokimyohimoya” AJ bilan kelishilgan holda aniq investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilab, maqbul yer maydonlari “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasiga qoʻyilishini taʼminlasin;

Inspeksiya bilan birgalikda meva-sabzavot eksportyorlari bilan ularda mavjud muammolarni aniqlash va tezkor bartaraf qilish maqsadida har chorakda kamida bir marta seminar va uchrashuvlar oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-martdagi “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–3626-son qarorining 2, 3, 4 va 8-bandlari hamda unga 1–6-ilovalar

oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

18. Inspeksiya manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari R.A.Gulyamov, A.A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                       Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2020-yil 13-oktabr

Manba: O'zA

Поделиться