O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Prezidentini saylovda qozongan g‘alabasi bilan tabrikladi
2020-10-12 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini kuni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabriklab, unga birodar tojik halqi farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, Hukumatlararo komissiya qarorlarini bajarish hamda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar uchun yangi kun tartibini ishlab chiqish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Prezidentlar Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi davlat rahbarlarining Qirg‘iz Respublikasidagi vaziyat yuzasidan qo‘shma bayonoti qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Muloqot so‘ngida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga ikkala tomonning ham intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.
Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti