O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari YETTB Boshqaruvchilar Kengashi Raisining o‘rinbosari etib saylandi
2020-10-10 | Iqtisodiyot
TOSHKENT, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Boshqaruvchilar Kengashining joriy yilning 7- 8-oktabr kunlari videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan yillik yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqdla “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziriligi manbasiga ko‘ra, tadbirda Bankning 71 aksiyadoridan, shu jumladan, 69 mamlakat, Yevropa Ittifoqi va Yevropa investitsiya bankidan Boshqaruvchilar va Boshqaruvchilarning o‘rinbosarlari, shuningdek, Bank rahbariyati va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Bu yildagi yig‘ilishning ochilish marosimida Uels shahzodasi Charlz, Buyuk Britaniya G‘aznachiligi Kansleri R.Sunak, YETTB Boshqaruvchilar kengashi raisi N.Kalvinyo va YETTB prezidentining vazifasini bajaruvchisi Yu.Rigterink qutlov nutqi bilan so‘zga chiqdilar.
Yillik yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala YETTB Prezidentining saylovi bo‘ldi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra Fransiya Iqtisodiyot, moliya va tiklanish vazirligi G‘aznachiligining bosh direktori Odil Reno-Basso 2021-2024-yillar davri uchun YETTBning yangi Prezidenti etib saylandi.
Shuningdek, YETTB tarixida birinchi marta Bankning oliy boshqaruv organi — Boshqaruvchilar Kengashi Raisining o‘rinbosari etib Bankning O‘zbekistondan Boshqaruvchisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Savrdor Umurzoqov saylandi.
Yig‘ilish doirasida davra suhbati tashkil etilib, uning davomida global va mintaqaviy iqtisodiyotning joriy tendensiyalari, COVID-19 ning YETTBga aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotiga taʼsiri yuzasidan fikr almashildi. Bundan tashqari, bankning unga aʼzo mamlakatlarni pandemiya bilan bog‘liq muammolarni yengib o‘tishda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyati, shuningdek, 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan YETTB kapital qo‘yilmalari va faoliyati bo‘yicha Strategiyasi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Bankning kelgusidagi istiqbollarini belgilab beruvchi bir qator qarorlar, shu jumladan, Iroq Respublikasining YETTB aksiyadorlari safiga qo‘shilish bo‘yicha buyurtmanomasini qabul qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi.
Maʼlumot uchun: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991-yil 28-martda tashkil etilgan. Uning shtab-kvartirasi London shahrida joylashgan. O‘zbekiston 1992-yil 30-apreldan beri YETTB aʼzosi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda uy-joy kommunal xizmatlari, energetika, yo‘l ho‘jaligi, irrigatsiya va ekologiya sohasida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan bir qator loyihalar Bank bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi