O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro mavsumiy kurortini qurish loyihasini jadal amalga oshirish va foydalanishga topshirish bo‘yicha Boshqaruv kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar
2020-10-08 | Iqtisodiyot
TOShKENT, 8-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Sardor Umurzoqov va Aziz Abduhakimov hamraisligida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Beldirsoy-Chimyon-Nanay» xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va foydalanishga topshirish loyihasini jadal amalga oshirish bo‘yicha Boshqaruv kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv davomida loyihani jadal amalga oshirish bo‘yicha birinchi darajali vazifalar, jumladan, loyihani moliyalashtirish bilan bog‘liq qator masalalarni hal qilish muhokama qilindi. Jumladan, Fransiyaning Xususiy sektorga ko‘mak va tadqiqot Fondi (FASEP) yordami bilan «Geode», «Manie Lives», «Egis», «Patriarche», «Epode» fransuz kompaniyalari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan master-rejaga muvofiq loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqilishini yakunlash, loyiha ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mahalliy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarni boshlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, mas’ul rahbarlarga, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va viloyat hokimliklari bilan birgalikda, shu jumladan, kurort hududida loyihalarni amalga oshirish uchun chet el ishbilarmon doiralarida reklama kampaniyalari va “roud shou”larni tashkil etish orqali mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha tizimli ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar yuklandi.
Loyihaning maqsadi O‘zbekistonda turizm sohasining investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirish va oshirish hisoblanadi. Loyiha, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari hamda Fransiya hukumati moliya institutlari mablag‘lari hisobidan turizm, yo‘l transporti va kommunal infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan 500 million dollargacha investitsiyalarni jalb qilishni nazarda tutadi.
Ma’lumot uchun, «Beldirsoy-Chimyon-Nanay» xalqaro mavsumiy kurortini qurish va foydalanishga topshirish loyihasini jadal amalga oshirish bo‘yicha Boshqaruv kengashi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Tog‘li hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Kengashning asosiy vazifalari kurortni qurish va samarali faoliyatini tashkil etish bo‘yicha davlat boshqaruv organlari, mahalliy ijro etuvchi organlari va xo‘jalik birlashmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, uning hududida investitsiya loyihalari amalga oshirilishiga amaliy yordam berish va amalga oshirilishini tizimli asosda nazorat qilishdan iborat.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi