O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jizzaxda optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqaruvchi «GOC-UZ»ning yangi zavodi qurilishi boshlandi

2020-10-06 | Texnologiyalar

«Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida «Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish» loyihasi doirasida «Global Optical Communication Uzbekistan» («GOC-UZ») MChJ Qo‘shma korxonasining yangi ishlab chiqarish hududida poydevor qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Jamol Maxsudov, Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov, «Jizzax» EIZ vakillari, «GOC-UZ» QK xorijiy investorlari, qurilish tashkiloti rahbariyati va xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tantanali marosimda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Jamol Maxsudov so‘zga chiqib, shunday dedi:
---O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-sentabr kuni tarmoq va hududlarda raqamli iqtisodiyot hamda elektron hukumatni joriy qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Prezidentimiz Raqamli iqtisodiyotsiz mamlakat iqtisodiyotining kelajagi yo‘q deya ta’kidladi.

Butun dunyoda raqamli texnologiyalar barcha soha va odamlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Bu yo‘nalishga o‘z vaqtida kirishgan davlatlar rivojlanib, aksincha, eskicha ishlaganlar taraqqiyotdan orqada qolyapti.

2020-yil mamlakatimizda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinib, bu borada katta ishlar boshlandi. Xususan, 28-aprelda davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari har doim avvalo aholi eng ko‘p to‘qnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning og‘irini yengil qilish zarurligini ta’kidlaydi. Shu talabdan kelib chiqib, ishchi guruhlar tomonidan 530 ta hududiy va 280 ta tarmoq loyihasi tayyorlangan.

Xususan, joriy yil yakunigacha 14 va kelgusi yil birinchi choragida yana 14 tumanda odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan sog‘liqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim yo‘nalishlarini raqamlashtirish bo‘yicha 239 ta loyiha amalga oshiriladi.

Biz barchamiz yaxshi tushunamizki, zamonaviy, ishonchli va yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya tarmoqlari mavjud emas ekan, elektron hukumat yoki raqamli iqtisodiyot bo‘lishi mumkin emas.

Raqamli iqtisodiyotni amalga oshirish uchun ishonchli texnologik poydevor yaratib, mamlakatni yuqori tezlikdagi Internet va zamonaviy telekommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash - bizning oldimizda - aloqa xodimlari oldida turgan asosiy vazifa hisoblanadi.

«GOC-UZ» yangi ishlab chiqarish korxonasi nafaqat O‘zbekiston telekommunikatsiya infratuzilmasini avvallari xorijiy valyutaga sotib olingan mahsulotlar bilan ta’minlash masalalarini hal etibgina qolmay, balki 100 nafargacha kishilarni, shu jumladan, Jizzax shahridagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ham ish bilan ta’minlaydi.

Optik tolali kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Global Optical Communication Uzbekistan» MChJ Qo‘shma korxonasiga 2019 yili «O‘zbektelekom» AK va Janubiy Koreyaning «Global Optical Communication Co. Ltd.» va «Uni Asset Global Co. Ltd.» kompaniyalari bilan birgalikda asos solingan.

Qo‘shma korxonaning ustav kapitali 11 million AQSh dollarini tashkil etadi, shu jumladan:
- Janubiy Koreyaning kompaniyalari (55%) – 6 050 000 AQSh dollari;

-«O‘zbektelekom» AK (45%) – 4 950 000 AQSh dollari.

2020-yilda birinchi bosqichda «Global Optical Communication Uzbekistan» QKning «Jizzax» EIZdagi mavjud binosida Koreya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalarining zamonaviy uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Hozirgi kunda ushbu zavodda koreyalik mutaxassislar faoliyat yuritmoqdalar. Optik tolali kabellarni Koreya texnologiyasi asosida ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan.

Mavjud ishlab chiqarish quvvatlarida 2020-yilda korxona 10 ming km uzunlikdagi optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqaradi.

«Jizzax» EIZda «Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish» loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish doirasida «Global Optical Communication Uzbekistan» («GOC-UZ» MChJ QK), yangi binolarIni qurish uchun Koreya Respublikasining «EXIMbank»dan 3,6 million AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilindi. Qurilish 2021 yilning birinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan.

«GOC-UZ» QK yangi ishlab chiqarish liniyasi foydalanishga topshirilgandan so‘ng, korxona O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlari uchun ham, eksport uchun ham 50 ming km gacha optik tolali aloqa liniyalarini ishlab chiqaradi.
Birinchi bosqichda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 32% ni, ikkinchi bosqichda esa 60% gachani tashkil qiladi.

O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zamonaviy yuqori tezlikdagi va ishonchli telekommunikatsiya tarmog‘i zarur. Bugungi kunda O‘zbekiston mis aloqa liniyalaridan optik tolali aloqa liniyalariga faol tarzda o‘tmoqda va bu telekommunikatsiya tarmoqlarining ishonchliligi va tezkorligini ta’minlash barobarida sifatini ham oshiradi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi

Поделиться