Davlat bojxona qo‘mitasi eksport yoki import qilingan asosiy tovarlarga doir bojxona statistikasini olish imkoniyatini joriy qildi
Davlat bojxona qo‘mitasi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun 2020-yil 1-oktabrdan e'tiboran navbatdagi interaktiv ma'lumotni joriy qildi.
Endilikda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona organlariga murojaat qilmasdan turib, import va eksport qilinayotgan asosiy tovarlarning bojxona statistikasi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni real vaqt rejimida internet tarmog‘i orqali olishlari mumkin.
Mazkur yangilik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyundagi “Bojxona ma'murchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” PF-6005-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2020 — 2023 yillarda bojxona ma'muriyatchiligini isloh qilish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish Konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida yo‘lga qo‘yildi.
✅Interaktiv ma'lumotlar o‘z ichiga eksport va import qilingan tovarlar to‘g‘risidagi hamda hududlarning eksport va import salohiyati to‘g‘risidagi statistik ma'lumotlarni qamrab oladi.
✅Eksport va import qilingan tovarlar Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasidagi nomlari asosida keltirilgan bo‘lib, ularning miqdori va qiymati ko‘rsatilgan.
✅Interaktiv ma'lumotning qulayligi shundaki, ushbu ma'lumotlarni hududlar kesimida, ma'lum bir vaqt oralig‘i bo‘yicha yoki aniq bir davlatlar misolida ham olish mumkin.
✅Hududlarning eksport va import salohiyatiga doir umumiy raqamlarni ham xuddi shu zaylda ma'lum bir vaqt oralig‘i bo‘yicha yoki aniq bir davlatlar misolida olish mumkin.
✅Ushbu ma'lumotlar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga biznes harakatlarini to‘g‘ri yo‘naltirishda va istiqbolli rejalar tuzishda amaliy yordam bo‘lib xizmat qiladi.
Ma'lumotdan foydalanish uchun elektron raqamli imzo yoki saytda ro‘yxatdan o‘tish talab qilinmaydi.
Interaktiv ma'lumotdan hoziroq foydalaning va bunga o‘zingiz ham ishonch hosil qiling!
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi