O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya turoperatorlar assotsiatsiyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi
2020-10-02 | Turizm
30-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov Rossiya turoperatorlar assotsiatsiyasi (RTOA) ijrochi direktori M.Lomidze bilan videokonferensiya o‘tkazdi. Tadbirda turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Rossiya tomon O‘zbekistonda sayyohlik sohasi, infratuzilma va turizmning yangi turlarini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakatda pandemiya davrida sohani tezkor tiklash maqsadida turizm biznesini qo‘llab-quvvatlashga doir ko‘rilayotgan choralar, shuningdek xalqaro turizmni tiklash uchun sharoitlarni bosqichma-bosqich yumshatish haqidagi maʼlumotlardan batafsil xabardor qilindi.
RTOA rahbariyatiga O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 19 iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4755-sonli qarori tafsilotlari yetkazildi. Shu bilan birga, jahon standartlariga javob beruvchi “Uzbekistan.
Safe Travel GUARANTEED” sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi, “Xavfsiz obyektlar reyestri”ning yaratilishi hamda ichki va tashqi turizmni rivojlantirishdagi xavfsizlik sharoitlarini tashkil qilishga oid boshqa chora-tadbirlar haqida maʼlumotlar taqdim etildi. Mayya Lomidze O‘zbekistonda turizm sohasini tiklash va rivojlantirish, xorijiy mehmonlar xavfsizligini taʼminlash hamda aviatashuvchilar bozorini librerallashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga katta qiziqish bildirdi.
Muzokaralar davomida Rossiyada O‘zbekiston barcha mavsumlarda sayohat qilish mumkin bo‘lgan yo‘nalish sifatida ko‘rilayotgani qayd etilib, mamlakatimizning rossiyalik sayyohlar orasida katta qiziqish uyg‘otayotgani hamda muntazam aviareyslar ochilishi kutilayotgani taʼkidlandi. Onlayn uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston-Rossiya turkompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek Rossiya aholisi o‘rtasida O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib qilishda Assotsiatsiya maydonidan foydalanish uchun mazkur formatdagi muloqotni davom ettirishga kelishib olishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi