O‘zbek va jahon boksining afsonalaridan biri, “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan dong taratgan Rufat Risqiyev bugun 71 yoshga to‘ldi.
Rufat Asadovich Risqiyev 1949-yil 2-oktabr kuni Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on shahrida tavallud topgan. 1974-yilgi jahon chempionatida zafar quchib, dunyo birinchiligida g‘alaba qozongan ilk o‘zbek bokschisi bo‘lib tarixda qoldi. Shuningdek, Rufat Asadovich 1976-yilgi Olimpiya o‘yinlari finalchisi ham ekani yaxshi ma'lum. 2019-yildan e'tiboran boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi ishtirokchisiga Rufat Risqiyev sovrinini topshirish joriy etildi.
Rufat Asadovich o‘zbek boksiga tamal toshini qo‘ygan insonlardan biri hisoblanadi. Bokschilarimizning hozirgi muvaffaqiyatlarida ham ushbu mutaxassisning xizmati beqiyosdir. Rufat Risqiyev joriy yil Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida Prezidentimiz tomonidan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Rufat Risqiyevni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi