O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qatar ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy asoslarni mustahkamlashga intilmoqda
2020-10-02 | Siyosat
Bu haqida 2020-yilning 30-sentabr kuni videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qatar Davlati o‘rtasida shartnomaviy-huquqiy bazani inventarizatsiya qilish bo‘yicha tashqi ishlar vazirliklari huquqiy boshqarmalarining maslahatlashuvlarida ta’kidlandi.
Chet el tomoni delegatsiyasiga Qatar tashqi siyosiy idorasining Shartnoma va huquq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Isa Ali al-Muxanadiy boshchilik qildi.
Tadbir davomida tomonlar imzolangan xalqaro shartnomalarning huquqiy maqomini aniqlash, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlarni belgilash, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash masalalarini, shuningdek taraflar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan hujjatlar loyihalarini muhokama qildilar.
Maslahatlashuvlar yakuni bo‘yicha investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoyalash, ikki yoqlama soliq solishga yo‘l qo‘ymaslik, havo qatnovi hamda bojxona ishlarida hamkorlik sohalaridagi bitimlar loyihalarini ko‘rib chiqishni faollashtirishga kelishib olindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi