Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi.
Atoqli adabiyotshunos olim, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Toʻra Mirzayev shu yil 29-sentyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.
T.Mirzayev 1936-yil 6-martda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tugʻildi. 1957-yili Buxoro davlat pedagogika institutini tugatib, mehnat faoliyatini Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanidagi 22-oʻrta maktabda oʻqituvchi sifatida boshladi. 1961-1963-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi, 1965-yilda nomzodlik, 1986-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
Isteʼdodli olim oʻzining qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, sektor mudiri, direktori, Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha vitse-prezidenti, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining yetakchi ilmiy xodimi kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, yurtimizda adabiyotshunoslik, folklorshunoslik fanlari sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qoʻshdi.
T.Mirzayev oʻzbek xalq ogʻzaki badiiy ijodiyotini keng koʻlamda tadqiq etish borasida ilmiy maktab yaratgan, eposshunoslikning nazariy va amaliy masalalariga doir koʻplab asarlari nafaqat mamlakatimiz, balki chet ellarda ham eʼtirof etilgan taniqli folklorshunos olim edi.
Ayniqsa, uning rahbarligi va ishtirokida tayyorlangan 15 jildlik “Oʻzbek folklori va adabiyoti tarixi” ilmiy-amaliy toʻplami, “Alpomish” dostoni, “Oʻzbek xalq maqollari”ning akademik nashrlari, shuningdek, olimning koʻp jildlik “Oʻzbek xalq ijodi”, “Oʻzbek folklori ocherklari”, “Oʻzbek xalq ijodi boʻyicha tadqiqotlar” kabi kitoblari, koʻplab ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz xazinasiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.
Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida oʻnlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.
Akademik T.Mirzayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Doʻstlik” ordenlariga sazovor boʻlgan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Toʻra Mirzayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yoʻldoshev
Manba: O'zA