O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namanganda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
2020-10-01 | Ta’lim
Namangan shahridagi viloyat madaniyat saroyida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat sektorlari rahbarlari, ta'lim tizimi mutasaddilari, o‘qituvchi va murabbiylar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tantatanli marosimda so‘zlagan nutqi onlayn tinglandi. Davlat rahbari yig‘ilganlarni ayyom bilan tabrikladi.
O‘qituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan imzolangan farmonga muvofiq, xalqimizning ozodligi va farovon hayotini ta'minlash yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, milliy ta'lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani ma'lum qilindi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya'ni uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilanganini ta'kidladi.
—Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma'naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak, — dedi Prezident. — Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta'lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak.
Davlat rahbarining nutqi yakunlanganidan so‘ng viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov so‘z oldi. U o‘z chiqishida yig‘ilganlarni, ular orqali barcha ustoz va murabbiylarni bayram bilan qutladi.
Bayram munosabati bilan 30 nafardan ortiq ta'lim tizimi xodimlariga viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Manba: Nаmаngаn vilоyati hоkimligi