O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Tojikiston siyosiy maslahatlashuvlari to‘g‘risida
2020-09-29 | Siyosat
2020-yil 29-sentabr kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari Abdulaziz Kamilov va Sirojiddin Muhriddin ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari to‘g‘risida siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazdi.
Siyosiy maslahatlashuvlar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, suv-energetika, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik hamda BMT, YXHT, ShHT, MDH, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalarni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining so‘nggi yillarda sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarilgani va barqaror o‘sish sur’ati olganligi qayd etildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasining misli ko‘rilmagan darajada ortishi kuzatilmoqda. 2019-yil yakunlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatgich 500 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.
Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi bilan bog‘liq cheklov choralariga qaramay joriy yil yanvar — iyul oylarida o‘zaro tovar ayriboshlash hajmlari o‘sishi 7,5% ni (255,4 mln. dollarni) tashkil etgani ta’kidlandi.
Vazirlar pandemiya sharoitida ko‘rsatilayotgan o‘zaro ko‘mak O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaqin hamkorlik munosabatlaridan guvohlik berishini e’tirof etdilar.
Muzokaralar davomida Qirg‘izistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Uchinchi Maslahatlashuv uchrashuviga tayyorgarlikning borishi to‘g‘risida ham fikr almashildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi