Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashdi.
Hukumatimiz rahbari Tojikiston Prezidentiga qabul uchun minnatdorlik izhor etib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.
Emomali Rahmon, oʻz navbatida, Davlatimiz rahbari nomiga oʻzining salomi va ezgu tilaklarini bildirib, Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda hukumatlararo komissiya faoliyati muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi hamda boshqa yetakchi sohalardagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Xususan, birgina Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, sentyabr oyining oʻzida Dushanbe shahrida taniqli olimlar, tadqiqotchilar va yetakchi ekspertlar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Oʻzbekiston – Tojikiston parlamentlararo hamkorlik guruhlari ishchi yigʻilishi oʻtkazildi. Soʻgʻd viloyatining Spitamen tumanida Oʻzbekiston tomonidan 630 oʻquvchiga moʻljallangan umumiy oʻrta taʼlim maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ushbu qator sohalarni qamrab olgan tadbirlar oʻzaro aloqalarni mazmunan yana-da boyitgani qayd etildi.
Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan muloqot davomida mamlakatlarimiz hamkorligini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O'zA