O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon minbarida jarang sochding, jonajon tilim!
2020-09-24 | Madaniyat
23-sentabr sanasi xalqimiz hayotida tarixiy kun sifatida qayd etildi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki muhtaram Prezidentimiz 2020-yil 23-sentabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida ma'ruza qildilar.
Bu ma'ruzani nafaqat o‘zbekistonliklar, balki jahonda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi qatlam vakillari ulkan qiziqish va hayajon bilan qarshi oldilar.
O‘z navbatida, bu voqea yurtimizda davlat tili nufuzi va mavqeini oshirish, ona tilimizning qadr-qimmatini o‘rniga qo‘yish, uni rivojlantirish bilan bog‘liq olib borilayotgan ezgu islohotlarning qanchalik hayotiy zarurat ekanligini amalda yaqqol isbotladi. Yurtboshimizning o‘zbek tilida, ravon, aniq va dadillik bilan umumbashariy masalalarga oid kiritgan takliflari sessiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ta'bir joiz bo‘lsa, aytish kerakki, bu onlar orzu qilingan, kutilgan lahzalar edi. O‘z yo‘lidan shahdam borayotgan, dunyoni o‘zgartirishda bosh islohotchi, faol, tashabbuskor mamlakatlardan bo‘lib kelayotgan yangi O‘zbekiston jahonga o‘z so‘zini o‘z ona tilida aytishi kerak edi va buning uddasidan chiqdi, albatta.
Ona tiliga bunday e'tibor va ehtirom har bir vatan farzandining qalbiga g‘urur bag‘ishlaydi, ona tilini sevishga, ardoqlashga undaydi. Ona tilini sevish haqida gap ketarkan, shubhasizki, muhtaram Yurtboshimizning yuksak jahon minbaridan turib, o‘zbek tilida bayon etgan fikrlari biz uchun ibrat, namuna va andoza qilib olinmog‘i, davlat tilining nufuzini oshirishdagi amaliy sa'y-harakatlar uchun aynan shu nuqta buyuk va muhim asos bo‘lib xizmat qilmog‘i lozim. Bu so‘zlarni har birimiz qayta-qayta o‘qishimiz, mag‘zini chaqib, uqishimiz, faoliyatimizdagi bosh mezon deb bilishimiz zarur.
Bugungi shiddatli islohotlar har birimizdan faollikni, vatanparvarlikni talab qilayotir. Ona tilimizning qadr-qimmatini oshirishdek ezgu ishlarda ham xuddi shunday fidoyilik suv va havoday zarur. Davlat tilining nufuzini oshirish nafaqat soha mutaxassislari, balki har bir vatan farzandining insoniylik burchidir. Shunday ekan, keling, bu masalada har birimiz shaxsiy namuna ko‘rsataylik. Zero, ona tilimiz - borlig‘imiz, faxru g‘ururimizdir.
Bahodir Valiev, FVV maslahatchisi
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Fаvqulоddа vаziyatlаr vаzirligi