O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston ilgari surgan tashabbuslar BMT maqsadlari bilan hamohang
2020-09-24 | Jamiyat
Avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida boʻlib oʻtayotgan 75-sessiyasidagi nutqini tomosha qilishni sabrsizlik bilan kutganimni taʼkidlamoqchiman.
Bosh Assambleyaning bu yilgi sessiyasi tarixiy voqeadir.
Joriy yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganiga 75 yil boʻldi. “Kelajak avlodlarni urush falokatlaridan qutqarish” (BMT nizomidan iqtibos) uchun asos solingan tashkilot 75 yoshga toʻldi.
Bosh Assambleyaning ushbu sessiyasi dunyodagi turli manbalardan boʻlayotgan bemisl tahdidlar: jugʻrofiy-strategik keskinliklar, ekologik inqiroz, shu kunlarda esa COVID-19 pandemiyasiga duch kelib turgan paytda boʻlib oʻtmoqda. BMT ushbu qutlugʻ sanani butun dunyodagi milliondan ortiq insonlarni global muhokamalar doirasida qamrab olish, ayniqsa, yosh ovozlarga alohida eʼtibor qaratish bilan nishonladi.
Oʻzbekistonning BMT oldida olgan majburiyatlariga qatʼiy sodiqligi tasdigʻi sifatida 34 mingdan ortiq oʻzbekistonlik ushbu muhokamalarda ishtirok etdi. Bundan tashqari, BMT tashkil topganining 75 yilligiga bagʻishlab butun mamlakat boʻylab oʻtkazilgan 33 ta muloqotda jamiyatning barcha qatlamlari, jumladan, ehtiyojmandlar orasidan 3 ming nafarga yaqin kishi qatnashdi.
Ular kelajak uchun bir-biriga qoʻrquv va umidlari haqida soʻzlab berdi hamda bugungi muammolarni hal etish uchun xalqaro hamkorlik muhim ekanini qayta-qayta taʼkidladi.
Darhaqiqat, BMTning global miqyosda oʻtkazgan soʻrovidan anglashiladigan messej – aytilmoqchi boʻlgan gap shuki, ayni paytda koʻp tomonlama yondashuv har qachongidan muhimdir.
Men Oʻzbekiston singari mamlakatda BMT nomidan xizmat qilayotganimni sharaf deb bilaman. Oʻzbekiston BMTga aʼzo davlat sifatida oʻz faoliyatini kengaytirish va koʻp tomonlama yondashuv prinsiplariga sodiq boʻlishga intilayotgani shubhasiz.
Bugun Prezident Sh.Mirziyoyev xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga oʻzining mintaqaviy va global qarashlarini taqdim etdi hamda Oʻzbekistonning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan modernizatsiya qilish yoʻlidagi bundan keyingi qadamlari qanday boʻlishi haqida soʻzlab berdi. U tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, mintaqaviy va global darajada konstruktiv muloqotni jadallashtirish, inson huquqlariga rioya etishni qoʻllab-quvvatlash, bugungi kundagi muammo va tahdidlarni bartaraf qilish, jumladan, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash (Orol dengizi qurishi singari), oziq-ovqat xavfsizligiga erishish va qashshoqlikni kamaytirishga oid bir qancha tashabbuslarni olgʻa surdi.
Oʻzbekiston ushbu sohalarning barchasida BMT oilasi bilan hamkorlik qilmoqda.
Men hukumatning ushbu masalalarni hal etishda koʻp tomonlama yondashuvlar tarafdori ekani yaqinda qabul qilingan hamda milliy, mintaqaviy va global darajada Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi bilan hamkorligini chuqurlashtirish va mustahkamlash majburiyatini olgan Harakat Rejasida oʻz aksini topganidan xursandman. Ushbu “Yoʻl xaritasi” Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman.
Hukumat Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) va Oʻzbekistonning moʻljal koʻrsatkichlarini qabul qilish, kuzatib borish va olgʻa siljitishda jiddiy oʻzgarishlarga erishdi. Oʻzbekistonning joriy yil iyulida BMTning oliy maqom siyosiy forumiga taqdim etgan BRM boʻyicha ilk Ixtiyoriy milliy hisoboti shu paytgacha erishilgan olgʻa siljishning, shuningdek, mamlakatning “Kun tartibi – 2030”ni amalga oshirishda qatnashishini tavsiflovchi ishtirok va maslahatlashuvga asoslangan yondashuvining chin maʼnodagi isboti boʻldi. Joriy yil bahorida BRM boʻyicha parlament ikki palatasi vakillaridan iborat komissiya tuzilgani bunday tarafdorlikning yana bir namunasidir.
Hukumatning BMT bilan COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda tibbiy va ijtimoiy-iqtisodiy choralarni koʻrish, tiklanish borasidagi qalin hamkorligi yana-da faolroq va odamlar ehtiyojini koʻzlovchi javob choralarini koʻrish hamda barqaror, atrof-muhitga mos va yalpi tiklanishni taʼminlash borasida hamkorlik qilishimiz uchun ijobiy muhit yaratdi.
Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligi, innovatsiya va “yashil” texnologiyalar boʻyicha sherikligimiz Oʻzbekistonning BMT bilan kompleks va uyushgan tarzda hamkorlik qilishga sodiq ekani yana bir isbotidir. Biz hukumat bilan 5 ta donor, jumladan, Oʻzbekiston hukumatidan 15 million AQSH dollarini safarbar qilgan Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondi boʻyicha hamkorlik qilayotganimizdan faxrlanamiz. Ushbu hamkorlikning asosiy ishtirokchisi boʻlgan BMT Taraqqiyot dasturi mintaqada innovatsiya faoliyatini jadallashtirish va “yashil” texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha hukumatning uzoqni koʻzlovchi rejasiga koʻmak koʻrsatmoqda.
Soʻnggi uch yil mobaynida BMT Oʻzbekiston hukumatiga inson huquqi ustuvorliklari, jumladan, gender tengligiga erishishga qaratilgan qonunchilik, imkoniyati cheklangan kishilar huquqini taʼminlash, asosiy mehnat huquqini mustahkamlash, bolalar huquqini himoya qilish singari bir qancha masalalar boʻyicha maslahatlar berdi.
Bizning yoshlar ishtirokini ragʻbatlantirish borasidagi ishimiz milliy ustuvor vazifalarda oʻz ifodasini topdi, chunki yoshlar huquqi mamlakat duch kelayotgan demografik imkoniyatlar sababli hukumatning diqqat-eʼtiborida turibdi.
Albatta, barcha zikr etilgan sohalarda jiddiy taraqqiyotga erishilgan boʻlsa-da, hali koʻp ish qilinishi kerak. Barcha majburiyatlarni toʻliq bajarish, milliy BRMni amalga oshirish, inson huquqlari borasida olingan majburiyatlarga qatʼiy amal qilish uchun izchil va maqsadga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlar talab etiladi.
Men shuning uchun Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik dasturimiz loyihasining imzolanishini, kelishilgan ustuvor vazifalar mustahkamlab qoʻyilishi va Oʻzbekistonning hamma joyida odamlar manfaati uchun taʼsir koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlarimizni tezlashtirishni sabrsizlik bilan kutyapman.
Helena Freyzer,
BMTning Oʻzbekistondagi
doimiy muvofiqlashtiruvchisi
Manba: O'zA