O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2020-09-23 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda axborot tizimini jadal rivojlantirish, aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, turli axborot tizimlarida va masofaviy xizmat koʻrsatishda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish, shuningdek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini samarali taʼminlash maqsadida:
 
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda Oʻzbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4079-son qarori bilan respublikaning mavjud biometrik pasport tizimi infratuzilmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti oʻrniga 2021-yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
 
2. Keng jamoatchilik fikrlarini va ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markazining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
 
identifikatsiya ID-kartalarini olish va almashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, oʻz ixtiyoriga koʻra xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga, ularni almashtirish uchun esa davlat xizmatlari markazlariga ham murojaat qilishi uchun imkoniyatni yaratish;
 
identifikatsiya ID-kartalarini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan manzildagi ichki ishlar organining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasiga, almashtirish uchun esa oʻz ixtiyoriga koʻra xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga murojaat qilishi uchun imkoniyatni yaratish;
 
identifikatsiya ID-kartasining blankasida egasining millati haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilmasdan ID-kartaning chipiga kiritilishi;
 
fuqaro oʻz ID-kartasini olish yoki almashtirish yuzasidan oʻz vaqtida murojaat qilmagan, yaroqsiz holga keltirgan va yoʻqotib qoʻygan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka tortilmasligi;
 
yangi tugʻilgan bolaga identifikatsiya ID-kartalari majburiy berilmasdan, uning tugʻilishi FHDYO organi tomonidan qayd etilib, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma taqdim qilinganidan soʻng ota-onasi, vasiylari (homiylari) ixtiyoriga koʻra rasmiylashtirilishi.
 
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
 
identifikatsiya ID-kartalari belgilangan hujjatlar qabul qilib olingandan soʻng 1 ish kuni mobaynida rasmiylashtirib beriladi;
 
identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish uchun murojaat oʻzgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi boʻlgan shaxslardan kelib tushganda masʼul xodim tomonidan 15 kun muddatda ushbu shaxslarning yashash manziliga borgan holda identifikatsiya ID-kartasi rasmiylashtiriladi va koʻrsatilgan xizmat uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi.
 
4. Quyidagilar:
 
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
 
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
 
5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari biometrik pasportlari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxs va chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini identifikatsiya ID-kartalariga almashtirish:
 
birinchi bosqichda 2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha ixtiyoriylik asosida 16 yoshga toʻlganda hamda qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa sabablarga koʻra;
 
ikkinchi bosqichda 2023-yil 1-yanvardan 2030-yil 31-dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
 
6. Belgilansinki:
 
identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi;
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 5-yanvardagi PF–4262-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom, amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti 2030-yil 31-dekabrgacha haqiqiydir.
 
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birga 2020-yil 31-dekabrga qadar:
 
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida identifikatsiya ID-kartasini olish uchun murojaat qilish, elektron navbatga turish va onlayn toʻlovni amalga oshirish imkoniyati joriy etilishini;
 
identifikatsiya ID-kartasini olish uchun murojaat etilganda tugʻilganlik haqidagi guvohnoma “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinishini taʼminlasin.
 
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
 
a) 2020-yil 31-dekabrga qadar:
 
Fuqarolar davlat xizmatlarini olish yuzasidan murojaat qilganda
va idoralararo oʻzaro elektron hamkorlikni tashkil qilishda dasturiy platformalardan keng foydalangan holda identifikatsiya ID-kartasidan foydalanish imkoniyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan imkoniyatlarni tatbiq etish orqali “Elektron hukumat” tizimini modernizatsiya qilsin;
 
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda fuqarolar davlat idoralari va tashkilotlariga murojaat qilganda identifikatsiya
ID-kartasidan foydalanishni taʼminlash uchun zarur boʻlgan texnik va texnologik sharoitlar oʻrganilishini hamda joriy etilishini tashkillashtirilishini taʼminlasin;
 
b) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Adliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 31-dekabrga qadar identifikatsiya ID-kartasidan foydalanishda xalqaro tajribani oʻrganib, uning asosida “Elektron hukumat” tizimining davlat va aholi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlari boʻyicha qoʻshimcha elektron shakllarini ishlab chiqib, takomillashtirishni tashkil etsin.
 
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
 
bir oy muddatda identifikatsiya ID-kartalarini Oʻzbekiston Respublikasida joriy qilish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Konsepsiya va uni amalga oshirish “Yoʻl xaritasi” loyihalarini;
 
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Ichki ishlar vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini aholi orasida keng yoritilishini taʼminlasin.
 
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.
 
Oʻzbekiston Respublikasi
 
          Prezidenti                     Sh.MIRZIYOYEV
 
Toshkent shahri,
 
2020-yil 22-sentabr
 
 

Manba: O'zA

Поделиться