Joriy yilning 18-avgust-2-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining “Bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga (Kioto, 1973-yil 18-may, 1999-yil 26-iyundagi o‘zgartirishlar bilan) qo‘shilish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2020-yil 5-iyundagi PF-6005-son Farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqildi.
Farmon bilan tadsiqlangan “2020 — 2023 yillarda bojxona ma'muriyatchiligini isloh qilish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish” Konsepsiyasida bojxona sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish maqsadida Bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi qayta ko‘rib chiqilgan Kioto konvensiyasiga qo‘shilish zarurligi qayd etilgan.
Loyiha tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan qizg‘in kutib olindi va ular tomonidan ijobiy fikrlar bildirilgan.
Ta'kidlash joizki, Jahon bojxona tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan mazkur Konvensiyaning yangi tahriri 2006 yil 3 fevralda kuchga kirgan.
Xalqaro hujjatning 8-moddasiga asosan mazkur xalqaro shartnoma davlatlarning qo‘shilishi uchun ochiq hisoblanadi.Konvensiya tuzilishi bo‘yicha 3 ta qismdan tashkil topgan bo‘lib, Asosiy matn, Bosh ilova va Maxsus ilovalarni o‘z ichiga oladi.
Kioto konvensiyasi qoidalari Jahon savdo tashkiloti – Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh kelishuvning (1994) bojxona qoidalari va tamoyillarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Jumladan, Konvensiyada Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh kelishuvning V moddasi “Tranzit erkinligi”, VIII moddasi “To‘lovlar va rasmiyatchiliklar” va shu kabi boshqa moddalarida bojxona qonunchiligi me'yorlari aks ettirilgan.
Konvensiyaga qo‘shilmoqchi bo‘lgan ahdlashuvchi davlatlar uning majburiy xarakterdagi Asosiy matni va Bosh ilovasini qabul qilishlari kerak.
Maxsus ilovalarni qabul qilish ahdlashuvchi tomon uchun majburiy hisoblanmaydi. Ahdlashuvchi tomon Maxsus ilovalarning ixtiyoriy birini yoki uning boblarini qabul qilishi mumkin.
Hozirgi vaqtda Jahon bojxona tashkilotiga a'zo 183 ta davlatdan 122 tasi, shuningdek MDHga a'zo 7 ta davlatlar (Ozarbayjon (2006 y.), Armaniston (2013 y.), Belarus' (2011 y.), Qozog‘iston (2009 y.), Rossiya (2011 y.), Tojikiston (2020 y.) va Ukraina (2011 y.)) mazkur Konvensiyaga qo‘shilgan.
Kioto konvensiyasi qoidalari, bir tomondan, bojxona taomillarini soddalashtirish hamda tezlashtirish orqali tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirish, boshqa tomondan, mazkur imtiyozlar davlatlarning manfaatlariga (davlat byudjetining daromadlar qismini to‘ldirish va ichki bozorni himoya qilish bo‘yicha) zarar yetkazmasligiga yo‘naltirilgan.
Konvensiya unga a'zo davlatlarga, o‘zlarining milliy qonunchiligida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini sodda, tushunarli va oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan qoidalar asosida shakllantirish majburiyatini yuklaydi.
Kioto konvensiyasi qoidalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyat yuklaydigan huquqiy me'yorlar shaklida emas, balki tavsiyaviy xarakterdagi standartlar shaklida ishlab chiqilgan.
Kioto Konvensiyasi qoidalari ahdlashuvchi tomonga o‘zining milliy qonunchiligini Konvensiya standartlariga muvofiqlashtirish uchun yetarlicha muddat taqdim etadi. Konvensiya ahdlashuvchi davlat uchun belgilangan tegishli taomillar bajarilgandan so‘ng 3 oy muddat o‘tgach kuchga kiradi. Shundan so‘ng ahdlashuvchi tomon 36 oylik (3 yil) muddatda Konvensiyaning standart qoidalarini va 60 oylik (5 yil) muddatda o‘tish davri belgilangan standart qoidalarini implementasiya qilishi kerak.
Kioto konvensiyasiga asosan bojxona qonunchiligini soddalashtirish va uyg‘unlashtirishga quyidagilar vositasida erishiladi:
bojxona organlari faoliyatining shaffofligi va oldindan bashorat qilish mumkinligini ta'minlash;
tovarlarni deklaratsiyalash tartib-taomillari hamda kuzatuv hujjatlarini soddalashtirish va tizimlashtirish;
vakolatli subyektlar uchun bojxona taomillarini soddalashtirish;
bojxona organlari faoliyatida axborot texnologiyalaridan maksimal darajada foydalanishni ta'minlash;
qoidalar va reglamentlarni bajarishni ta'minlash maqsadida bojxona nazoratini minimallashtirish;
bojxona nazoratini amalga oshirishda xavflarni boshqarish tizimini qo‘llash va audit asosida nazoratni amalga oshirish;
chegaradagi boshqa nazorat qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorlikda tadbirlarni amalga oshirish;
tashqi savdo faoliyati ishtirokchilari bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasining Kioto konvensiyasiga qo‘shilish natijasida
– yaqin uch yilda milliy bojxona qonunchiligini takomillashtirishning strategik yo‘nalishlari belgilanadi;
– milliy iqtisodiyotimizga xorijiy investisiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi, chunki O‘zbekiston Respublikasi bojxona ma'muriyati faoliyatining Kioto konvensiyasi qoidalariga muvofiqligi xorijiy investorlar uchun ishonch, barqarorlik, aniqlik va oshkoralikni ta'minlaydi;
– Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Doing business” va transport hamda logistika xizmatlari bo‘yicha baholovchi indekslarida (LPI) O‘zbekiston Respublikasining reytingini oshirishga xizmat kiladi;
– O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.
Shukurullo Mo‘minov,
Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona ma'muriyatchiligining ilg‘or
va innovasion usullarini joriy etish boshqarmasi bosh inspektori
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi