O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kommunal sohadagi loyihalar va tariflar mahalliy kengashlar bilan kelishiladi
2020-09-18 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-sentabr kuni ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib oʻtdi. Kasallik hamon butun dunyo boʻylab keng tarqalayotgani, soʻnggi kunlarda yurtimizda ham bemorlar soni koʻpaygani afsus bilan qayd etildi. Temir intizom va tartibni taʼminlab, barcha joylarda sanitariya talablariga qatʼiy amal qilish kerakligi yana bir bor taʼkidlandi.
Kuz mavsumida shamollash koʻpayishi, koronavirusga qoʻshimcha boshqa kasalliklarning ortishini inobatga olib, bemorlar uchun yaratilgan zaxira oʻrinlarini koʻpaytirish, zarur tibbiy jihozlar va dori-darmonlar bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va maktab oʻqituvchilarini, 65 yoshdan oshgan keksalarni grippga qarshi emlash zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Kommunal tarmoqlarning barqaror faoliyati aholi turmush sifatini taʼminlaydigan eng muhim omillardan. Shu bois davlatimiz tomonidan bu masalaga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Joriy yil 17-iyul kuni oʻtgan videoselektor yigʻilishida sohadagi muammolar muhokama qilinib, ishni yangicha tartibda tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan edi.
Shunga muvofiq, ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimidagi loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish va monitoring qilish, shuningdek, tariflarni belgilashni mahalliy kengashlar bilan kelishish tartibi joriy qilinmoqda.
Misol uchun, Olmaliqdagi ichimlik suvi taʼminoti korxonasiga qarashli 52 ta nasos yangilanishi natijasida korxonaning umumiy xarajati 22 foizga, elektr energiyasi sarfi 2 baravarga qisqargan. Shahar aholisi sifatli ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlanmoqda. Xuddi shuningdek, soʻnggi 3 yilda amalga oshirilgan loyihalar natijasida Guliston shahrining ichimlik suvi taʼminoti masalasi ham toʻla hal boʻldi.
Yigʻilishda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga ushbu tajriba asosida kelgusi yil uchun moʻljallangan 28 ta yangi loyihani mahalliy kengashlar bilan kelishish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, joriy yilda yakuniga yetkaziladigan 360 ta loyihani qabul qilib olish boʻyicha topshiriq berildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, qariyb 2 mingta aholi punktiga markazlashgan suv yetkazib berish texnik jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham maqsadga muvofiq emas. Shu bois bunday hududlarni xususiy sektor orqali suv bilan taʼminlash maʼqul kelmoqda.
Misol uchun, Oʻzbekiston tumanida ijtimoiy sheriklik asosida quduq ishga tushirilib, 6 ta uzoq qishloqdagi 11 ming aholi ichimlik suvi bilan taʼminlangan edi. Bunga ketgan xarajatlar 2 yilda oʻzini qopladi. Shuningdek, Amudaryo tumanida 8 ta suv tozalash shoxobchasi qurilib, 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 7 ta mahalla toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Loyiha 3 yilda oʻzini oqlaydi.
Bu tizimning qulayligi shundaki, ichimlik suvi obyektlari qurish va uskunalar xarid qilish uchun xususiy sektorga kredit berilib, uning 14 foizidan yuqori qismiga davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. Bugungi kunda koʻplab tadbirkorlar shunday loyihalarda ishtirok etish istagini bildirmoqda.
Yigʻilishda mamlakat boʻylab 27 ta tumanda ichimlik suvi bilan taʼminlash ishlari tanqid qilindi. Mavjud 70 ming kilometr suv quvurlarining 32 foizi eskirgan. Oqibatda ulardagi yoʻqotishlar darajasi 40-50 foizni tashkil etmoqda. Bu yiliga qariyb 500 million kub metr suv yoki oʻrtacha 300 milliard soʻm degani. Bundan tashqari, joylardagi nasos uskunalari va maxsus texnikalar ham taʼmirtalab boʻlib qolgan.
Shu bois kelgusi yildan investitsiya dasturlarida sohaga ajratilayotgan mablagʻning 10 foizini suv obyektlariga energiya tejovchi uskunalar oʻrnatish hamda maxsus texnikalar xarid qilish uchun yoʻnaltirish zarurligi taʼkidlandi.
Videoselektor yigʻilishida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi.
Bu yil qish sovuq kelib, havo harorati oldingi yillarga nisbatan 2-5 daraja past boʻlishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlardagi haqiqiy holatdan kelib chiqib, kuz-qishga tayyorgarlik yuzasidan Toshkent shahrining 12 ta tumani, Qoraqalpogʻiston va har bir viloyat boʻyicha alohida-alohida qaror qabul qilish topshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Toshkent shahri tumanlariga, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari viloyatlarga shu masalalar boʻyicha masʼul etib biriktirildi. Tayyorgarlik ishlarini, eng avvalo, bu borada ahvol ogʻir boʻlgan 56 ta tuman va shahardan boshlash kerakligi taʼkidlandi.
1-noyabrga qadar 3 mingdan ziyod taʼmirga muhtoj koʻp qavatli uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, 131 ta ijtimoiy soha obyektini mukammal va 3 mingtasini joriy taʼmirlash vazifasi qoʻyildi. Tibbiyot va taʼlim muassasalarining tayyorgarlik holati koʻrib chiqildi.
Bu yil kuz-qish mavsumi uchun 6 million tonna koʻmir mahsulotlari zarurligi qayd etilib, ularni gʻamlash va yetkazib berish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi. Koʻmir arzon boʻlishi uchun uni import qiluvchi tadbirkorlarga temir yoʻlda tashish boʻyicha chegirma berish muhimligi taʼkidlandi.
Bosh prokuraturaga koʻmir narxini asossiz oshirib yuborish, tamagirlik va talon-toroj holatlarining oldini olish yuzasidan koʻrsatma berildi.
“Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatiga tabiiy gaz tanqis hududlarga 385 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish vazifasi qoʻyildi.
Joriy mavsumda elektr energiyasiga talab oʻtgan yilgiga nisbatan 7,5 foiz koʻp boʻlishi kutilmoqda. Bu soha barqaror ishlashi uchun issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz va mazut bilan taʼminlash, elektr tarmoqlari, podstansiya va transformatorlarni taʼmirlash muhimligi taʼkidlandi.
Videoselektor yigʻilishida hukumat aʼzolari, tegishli tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti