Bugungi kunda tuman darajasidagi davlat organlari yuridik xizmatlarining ish ko‘lami va sifati tahlil qilinganda, ularning faoliyati kutilgan samarani bermayotgani aniqlandi.
Davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta'minlash yuridik xizmatning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shunga qaramasdan, ayni damda bir qator ob'ektiv va sub'ektiv sabablarga ko‘ra ushbu vazifa ijrosi yetarlicha ta'minlanmasdan kelinmoqda.
Yuridik xizmatlarning qonuniylik va qonun ustvorligini ta'minlash borasidagi faoliyati ularning mustaqil emasligi, rahbar xodimlarning ularga bevosita yoki bilvosita ta'siri ostida yetarlicha samara bermayabdi. Bu esa o‘z navbatida, davlat organlari va tashkilotlarida noqonuniy ishlarning avj olishiga imkon yaratishi shubhasiz.
Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy yilning 19-may kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon bilan shahar va tuman adliya bo‘limlari huzurida davlat tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari tashkil etish belgilandi. Hozircha Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlarida eksperiment tariqasida. Ya'ni endilikda tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlarning har birida emas, faqat shahar va tuman adliya bo‘limlari qoshida yuridik xizmatlar tashkil etish maqsad qilib olingan.
Shuningdek, 17-sentabr kuni Hukumatning Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etishchora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ham qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Markazlarning maqomi, faoliyat tartibi, funksiya va vazifalari belgilab berildi.
Markazlar qonun hujjatlari bilan yuridik xizmatlarga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi.
Eksperiment doirasidagi tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarining markaz bilan kelishilmasdan qabul qilgan buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlari haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Markazlarni tashkil qilish orqali bir qator ijobiy natijalarga erishish kutilmoqda.
Birinchidan, qonuniylik va qonun ustuvorligi amalda ta'minlanadi.
Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga bo‘ysunmaydi, ularning ta'sir doirasida bo‘lmaydi, ya'ni ular to‘la mustaqil faoliyat olib boradi. Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta'minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi.
Ikkinchidan, yuridik xizmat ko‘rsatish sifati oshadi.
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish orqali ular faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan funksiya va vazifalar olib tashlanadi. Natijada yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari xodimlarining o‘zlariga yuklangan vazifalarni samarali bajarishi ta'minlanadi.
Uchinchidan sohaga axborot-kommunikasiya texnologiyalari joriy etiladi.
Markazlar faoliyati zamonaviy IT texnologiyalari bilan to‘liq ta'minlanadi hamda davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hujjat almashinuvi yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
Markazlar hamda davlat organlari va tashkilotari o‘rtasida hujjat almashinuvining yagona elektron tizimini joriy etish orqali bugungi pandemiya sharoitida ishlarni masofaviy tashkil etish imkonini yaratadi.
Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlar keyinchalik eksperiment natijalari umumlashtirib, muammolar bartaraf etilganidan so‘ng butun respublikadagi tuman (shaharlar)da joriy qilinadi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi