O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Singapurdan ekspert fikri: O‘zbekiston va boshqa xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlashi bilan afg‘onlararo muloqotda muvaffaqiyat qozonish mumkin
2020-09-17 | Siyosat
SINGAPUR, 17-sentabr. /«Dunyo» AA/. Singapurning Mudofaa va strategik tadqiqotlar instituti – «S. Rajaratnam School of International Studies» katta ilmiy xodimi Jeyms Dorsi «Dunyo» axborot agentligi bilan suhbatda O‘zbekistonning afg‘onlararo tinchlik jarayonini faollashtirishdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
– O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib Qatar poytaxti Dohada afg‘onlararo muzokaralarning birinchi bosqichini o‘tkazish to‘g‘risida qarorni mamnuniyat bilan qabul qildi. Mamlakatingiz bundan oldin tinchlik muzokaralarini tarixiy Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qilgandi. Bu mamlakatning tinchlik jarayoniga qiziqishini bildiradi. Chunki Afg‘onistondagi barqarorlik Markaziy Osiyoda taraqqiyot, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning garovi bo‘lib qolmoqda.
2018-yilda Afg‘oniston masalalariga oid yuqori darajali Toshkent konferensiyasining o‘tkazilishi O‘zbekistonning afg‘onlararo muzokaralarni boshlash uchun xalqaro sa’y-harakatlarni safarbar qilishga tayyorligining yorqin namunasi bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida saylangan 2016-yildan buyon mamlakatda siyosiy va iqtisodiy liberallashuv jarayoni boshlandi, bu ko‘p jihatdan ijobiy natijalarga, jumladan, iqtisodiy rivojlanish va respublikaning xalqaro obro‘sini mustahkamlashga yordam berdi.
Yurtingizning Afg‘onistonga bo‘yicha moslashtirilgan va qo‘llanilayotgan tajribasi foydali bo‘lishi mumkin. Boisi 40 yillik mojarodan xalos bo‘lishga intilayotgan Afg‘oniston bugun pandemiya va uning iqtisodiy oqibatlaridan aziyat chekmoqda. Shu bois aytish mumkinki, O‘zbekiston va boshqa xalqaro hamjamiyat ko‘magi sabab Afg‘onistonda muvaffaqiyat qozonish imkoniyati yanada ortdi.
Shu o‘rinda afg‘onistonlik do‘stlarimizga ezgu maqsadlarga erishishlarida muvaffaqiyat tilayman.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi