O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi
2020-09-16 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-sentabr kuni suv xo‘jaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mintaqamizda suv tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat yildan-yilga murakkablashib bormoqda. Oxirgi 10 yilda, misol uchun, O‘zbekistonda suv hajmi 12 foizga, o‘tgan yilgiga nisbatan esa bu yil 15 foizga kamaygan.
Paxta va g‘alla yetishtirish uchun sarflanayotgan elektr energiyasi hamda suvni yetkazib berish xarajatlari ham ko‘p. Xususan, 2,5 million gektar maydonni sug‘orish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatilib, yiliga 8 milliard kilovatt soat energiya va 2,4 trillion so‘m byudjet mablag‘lari sarflanmoqda. Bir gektar maydonga suvni nasoslar orqali yetkazib berish uchun byudjetdan o‘rtacha 800 ming so‘m xarajat qilinyapti. Egatlab sug‘orish oqibatida yiliga qariyb 5-6 milliard kub metr yëki 20 foiz suv dalada behuda sarflanmoqda.
Bunday sharoitda suvni tejash va hisobini yuritish har doimgidan ham dolzarb masalaga aylandi. O‘tgan ikki yilda Prezident va hukumatning shu sohaga doir 11 ta qarori qabul qilinib, hamma sharoit yaratib berildi.
Lekin, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bajarilgan ishlar imkoniyat darajasida emas. Masalan, shu paytgacha 285 ming gektar, ya’ni bor-yo‘g‘i 7 foiz yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Bu borada, ayniqsa, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlarida qoloqlik bor. Furqat, Bo‘ka, Chinoz, Sardoba, Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Kasbi, Qiziriq, Muzrabot tumanlarida suv tejovchi birorta ham loyiha tatbiq qilinmagan.
Shu bois videoselektorda suv xo‘jaligidagi ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va tumanlar kesimida tanqidiy tahlil qilinib, galdagi muhim vazifalar muhokama etildi. Kelgusi yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni 600 ming gektarga yetkazish reja qilib qo‘yildi. Buning uchun davlat byudjetidan zarur mablag‘ yo‘naltirish, tashabbuskorlar xarajatining bir qismini qoplash uchun subsidiya berish, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari resurslarini jalb qilib, salohiyatli fermer xo‘jaliklari va klasterlarga tijorat banklari orqali kredit ajratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Suv tejovchi texnologiyalar qamrovi kengayishi bilan ularni ishlab chiqarishga ham talab oshadi. Biroq, yurtimizda shunga ixtisoslashgan 13 ta korxonaning quvvati kelgusi yil ehtiyojining yarmini qoplashga ham yetmaydi. Shu bois mutasaddilarga Samarqand, Toshkent va Namangan viloyatlarida suv tejovchi texnologiyalar uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Sohadagi yana bir innovatsiya – klasterlar 3 ming gektardan ziyod ekin maydonini lazer yordamida tekislash orqali suv sarfini 20-25 foiz, o‘g‘itni 15 foiz tejashga, hosildorlikni kamida 10 foizga oshirishga erishgan. Davlatimiz rahbari bu tajribani keng qo‘llab, paxta, g‘alla va sholi maydonlarini lazer yordamida tekislash muhimligini ta’kidladi. Moliya vazirligiga ushbu texnologiyani joriy qilishga Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan kamida 250 milliard so‘m kredit ajratish topshirildi.
Joriy yilda Quyichirchiq, Narpay, Bulung‘ur, Sardoba, Nishon, Kasbi tumanlarida suv xo‘jaligi ob’ektlari xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga berilib, namunaviy loyiha amalga oshirilmoqda. Bu orqali mazkur inshootlar modernizatsiya qilinib, ekspluatatsiya xarajatlari anchayin qisqaradi. Yig‘ilishda bunday loyihalarni boshqa hududlarda ham joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Suv isrofiga sabab bo‘layotgan muammolardan yana biri shuki, bugungi kunda 3 mingdan ziyod suv o‘lchash postlarining atigi 2 foizi, 400 ta yirik suv ob’ektining 2,5 foizida boshqarish tizimi avtomatlashgan, xolos. Shu bois Suv xo‘jaligi vazirligiga yil yakunigacha 150 ta, kelgusi yildan barcha o‘lchash postlarida suvni onlayn rejimda nazorat qiluvchi avtomatlashgan tizim joriy etish vazifasi yuklatildi.
Ma’lumki, bu yildan qishloq xo‘jaligi korxonalariga suv solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilindi. Shu bilan birga, suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foizga pasaytirildi. Prezident ushbu kamaytirilgan stavkani kelgusi yilda ham saqlab qolish zarurligini ta’kidladi.
Sug‘orish me’yorlarini hisoblash metodikasini BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) talablariga moslashtirish, suv hisoblagichlar o‘rnatgan iste’molchilarni rag‘batlantirish yuzasidan vazifalar belgilandi.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga kollektor suvlarida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Namangan tajribasi asosida gidrogeologik qidiruvlarni kengaytirib, yerosti suvlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda suv xo‘jaligi sohasida fan va ta’limni rivojlantirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini barpo etish hamda rekonstruksiya qilish ishlariga ilmiy xodimlarni biriktirish muhimligi ta’kidlandi. Bu orqali fan namoyandalari ob’ektlarning loyihaoldi hujjatlarini tayyorlashdan ularni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonlarda qatnashib, qurilish ishlarini ilmiy-texnik jihatdan kuzatib boradi. Fan va amaliyot uyg‘unligi ta’minlanib, kelgusidagi loyihalar puxta ishlab chiqilishida qo‘l keladi.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat va tuman hokimlari axborot berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti