Toshkentda Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 15-sentabr kuni Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakovning Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari A.Overchuk bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi - tomonlar o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildilar, shuningdek, qo‘shma tashabbus va loyihalar doirasidagi keyingi amaliy harakatlarni belgilab oldilar.
Investisiyaviy hamkorlikning istiqbolli o‘sish dinamikasi qayd etildi - faqatgina joriy yilning sakkiz oyi davomida 209 qo‘shma korxona tashkil etildi va Rossiya kapitali ishtirokidagi O‘zbekistondagi korxonalarning umumiy soni so‘nggi uch yil ichida ikki baravarga ko‘payib 2 mingtadan oshdi.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni kelishish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi - ayni paytda sanoat kooperatsiyasi sohasida 5,8 mlrd dollar miqdorida 104 ta investisiya loyihasi ishlab chiqilmoqda. Qo‘shma loyihalar keyinchalik uchinchi mamlakat bozorlariga sotilishi uchun har ikki mamlakat hududida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan. Shuningdek, yangi natijador loyihalarni birgalikda ishlab chiqish orqali investisiyaviy sheriklikni yanada kengaytirish uchun ustuvorliklar belgilandi.
Imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasida tovar aylanmasini oshirish uchun qulay sharoit shakllantirishga imkon yaratadigan bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar kelishuvini jadallashtirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ikki mamlakat vazirliklari va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha alohida kelishuvga erishildi. Shu nuqtai nazardan, bir qator qo‘shma tadbirlarni jumladan, Mintaqalararo hamkorlikning II Forumi, XHYuK hududida O‘zbekiston Respublikasi Ko‘rgazma-madaniy markazining ochilishi, Moskvada “Made in Uzbekistan” Milliy ko‘rgazmasi, Ta'lim forumi va Mediaforum tashkil etilishining amaliy jihatlari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi va bu boradagi faol ikki tomonlama munosabatlarni davom ettirish yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Kelishilgan loyihalar va tashabbuslarni tezkor ravishda tatbiq etish va amalga oshirish jarayonini har oyda ko‘rib chiqish hamda O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralarini investisiyaviy sheriklikni oshirish imkoniyatlari va ikki tomonlama savdo hajmini ko‘paytirish mexanizmlari to‘g‘risida xabardor qilishga kelishib olindi.
Ular, shuningdek, mehnat migratsiyasini tizimlashtirishning amaliy mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish va vatandosh-muhojirlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga va ularning Rossiya Federatsiyasida yashash va mehnat faoliyatini olib borish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tartibga solingan tizimni joriy etish bo‘yicha kelgusida birgalikda ish olib borishning zarurligini ta'kidladilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi