O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YXHT 28-iqtisodiy va ekologik forumining yakuniy yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar taqdim etildi
2020-09-15 | Siyosat
2020-yil 10-11-sentabr kunlari Praga shahrida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti (YXHT) 28-iqtisodiy va ekologik forumining yakuniy yig‘ilishi "Innovatsiyalarni qo‘llash, shaffoflikni oshirish va raqamlashtirish orqali korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish orqali YXHT mintaqasida xavfsizlik, barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash" mavzusida bo‘lib o‘tdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ushbu tadbirda videokonferensiya shaklida O‘zbekistondan bosh ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.
Praga shahrida bo‘lib o‘tgan YXHT Iqtisodiy va ekologik forumining yillik yopilish yig‘ilishi tashkilotning iqtisodiy hamda ekologik o‘lchovi doirasida siyosiy muloqotni rag‘batlantirish, YXHTga a’zo davlatlarga iqtisodiy, shu bilan birga, ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha eng yuqori darajadagi asosiy yig‘ilishdir.
Forumda Bosh kotib vazifasini bajaruvchi, YXHT Nizolarning oldini olish bo‘yicha Markazi direktori Tuula Yuryolya, Chexiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Tomash Petrichek, Albaniyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Gent Chakay, YXHTga a’zo 57 davlat va 11 sherik mamlakat, hamkor, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Uchrashuv doirasida yalpi majlislar bo‘lib o‘tdi, unda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda raqamli texnologiyalar, samarali boshqaruv va qonun ustuvorligining ahamiyati muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalari YXHTga a’zo davlatlar uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolishi, iqtisodiy rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, barqarorlik va xavfsizlik uchun dolzarb ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasining YXHTdagi Doimiy vakili, mamlakatimizning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev yig‘ilishning "Raqamli texnologiyalar yordamida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish" mavzusidagi birinchi sessiyasiga boshchilik qildi va O‘zbekistonning elektron davlat boshqaruvi tizimida hamda korrupsiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirishda raqamlashtirishdan foydalanish faoliyati bilan tanishtirdi.
Forumning ikkinchi sessiyasida O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxonov ma’ruza qildi.
Ishtirokchilarga so‘nggi yillarda amalga oshirilgan asosiy islohotlar va O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasidagi samarali chora-tadbirlar, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatining maqsadlari, vazifalari va asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi choralar samaradorligini oshirish, aholining huquqiy madaniyatini mustahkamlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi samarali o‘zaro aloqalarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
YXHTning Iqtisodiy va atrof-muhit masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi, elchi Vuk Jugich “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida YXHT hududida raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali korrupsiyaga qarshi kurashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan tadbiring ahamiyatiga to‘xtaldi:
“Men ushbu forumda O‘zbekiston vakilining nutqini bosh ma’ruzachi sifatida qabul qilaman. Ma’ruzada korrupsiya illatiga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekistonning ilg‘or tajribasi taqdim etildi. Kelgusida ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik davom etishiga umid qilaman.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi