Qozog‘istonda yangi tahrirdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
NUR-SULTON, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Qozog‘istondagi elchixonasida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti sa'y-harakati bilan yangi tahrirda chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobiga bag‘ishlangan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Qozog‘istondagi “O‘zbek tili do‘stlari” klubi a'zolari, Nur-Sulton shahri O‘zbek etno-madaniy markazi a'zolari qatnashdi.
Taqdimot doirasida O‘zbek etnomadaniy markazi rahbari va Qozog‘iston xalqi assambleyasi raisi o‘rinbosari Sherzod Po‘latovga 5 jildli yangi tahrirdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi topshirildi.
Muloqotda qayd etilganidek, diplomatik vakolatxona mamlakatimizda davlat tilini keng targ‘ib qilish, milliy va xalqaro miqyosdagi maqomini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi doirasidagi ishlarni izchil davom ettiradi. Xususan, 21-oktabr – o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobining navbatdagi taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ushbu nufuzli sana munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Davlat arxivi binosida Qo‘lyozmalar va noyob kitoblar milliy markazi, Qozog‘iston xalqi assambleyasi ilmiy-ekspert kengashi, O‘zbek etnomadaniy birlashmasining Nur-Sulton shahri markazi bilan hamkorlikda madaniy tadbir tashkil etiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi