O‘zbekistonda kuzning dastlabki kunlarida an'anaga ko‘ra barchaning e'tibori qishloq xo‘jaligi mavsumining asosiy mavzusi – paxta terimiga qaratiladi. Paxta – bizning milliy boyligimiz, eng ahamiyatli agrar ekini, to‘qimachilik, farmasevtika, yog‘-moy sanoati va iqtisodiyotning boshqa qator tarmoqlarining faoliyati bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining muhim xom ashyo bo‘g‘imidir.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mavsumga yig‘im-terim paytida majburiy mehnatning oldini olish, ishchi kuchi ortiqcha bo‘lgan hududlarda tuzilgan bo‘linmalar tarkibiga ixtiyoriy ravishda ishsiz va vaqtincha band bo‘lmagan aholi vakillaridan yollangan terimchilar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini ta'minlashga qaratilgan katta tayyorgarlik ishlarini olib bordi. Masalan, Sirdaryo viloyatiga band bo‘lmagan aholidan 36 ming, Jizzax viloyatiga 30 ming, Qashqadaryo viloyatiga 10,8 ming kishini jalb qilish rejalashtirilgan. Ushbu viloyatlarda butun mamlakatda koronavirus pandemiyasi sharoitida rioya qilinayotgan sanitariya me'yorlari va gigiena talablarini hisobga olgan holda terimchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Kuniga 3 mahal ovqatlanish, terimchilar uchun ishdan tashqari vaqtlarda madaniy hordiq chiqarish tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi «2020-yilda paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga binoan paxta terish mashinalari bilan terib olingan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 920 ming so‘m, qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun birinchi terimda 1000 so‘m, ikkinchi terimda 1400 so‘m to‘lanadi. Shu bilan birga, paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperativlarga narxlarni yuqoridagi narxlardan kam bo‘lmagan darajada mustaqil belgilash huquqi berildi. Bundan tashqari, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonliko‘l, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlarida, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlarida qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga O‘zbekiston Respublikasi byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 200 so‘mdan ustama haq to‘lanadi.
Shuningdek, vaqtincha ishsiz fuqarolardan iborat otryadlar rahbarlariga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 million so‘m miqdoridagi to‘lovlar ko‘zda tutilgan. Ayni vaqtda joylarda ushbu otryadlar tarkibida paxta yig‘im-terimida ishtirok etishni istaganlar ro‘yxatlari shakllantirilmoqda. Ular bilan tuzilayotgan shartnomalarda o‘zaro huquq va, shu jumladan, terimchilarning mehnatiga haq to‘lashni nazarda tutadigan majburiyatlar ham o‘rin olgan. Shu bilan birga, mavsumiy ishga yollanilaetgan paxtakorlarga 500 ming so‘mdan bir martalik «ko‘tarma» pullari ajratilishi to‘g‘risidagi yaqinda ovoza qilingan ma'lumotlar haqiqatga mos kelmaydi. Qarorda terimchilar mehnatini rag‘batlantirish va mukofotlashning boshqa shakllari tasdiqlangan.
Tuzilayotgan guruh (otryad)lar tarkibida paxta xomashyosini terib olishda ishtirok etishni istagan yurtdoshlarimiz paxta yig‘im-terimi paytida maxsus ochilgan www.terim.uz saytida ro‘yxatdan o‘tishlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joylardagi hududiy bo‘linmalariga murojaat etishlari yoki vazirlikning (71) – 200-06-00 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi