O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Chastota spektridan samarali foydalanish-AKT rivojidagi muhim omil
2020-09-10 | Texnologiyalar
Bugungi globallashgan axborot asrida simsiz aloqa tizimlari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa radiochastota resursini boshqarish va muvofiqlashtirish kabi muhim vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda.
AKT sohasini rivojlantirish, mamlakatimiz aholisiga mazkur yo‘nalishda sifatli va ishonchli xizmat ko‘rsatish, radio qurilmalar, mobil aloqa, simsiz keng polosali Internet, raqamli televideniye kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda chastota spektridan xavfsiz va unumli foydalanishni tartibga solishda Elektromagnit moslashuv markazi mutaxassislarining o‘rni muhim.
Ushbu markaz radioelektron vositalar yordamida radiochastota spektridan fuqarolik maqsadlarida foydalanishni tartibga solish bo‘yicha ixtisoslashgan korxona sifatida tashkil etilgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, markazga radiochastotalar va radioelektron vositalarni hisobga olish, taqsimlash va nazorat qilishning eng muhim davlat vazifalari yuklatilgan.
Mobil aloqa, Internet-texnologiyalar va simsiz keng polosali radioulanishdan foydalanishning jadal rivojlanishi sharoitida, markaz faoliyati yurtimiz aholisi, tadbirkorlik sub’ektlari, davlat tashkilotlari uchun xam juda muhim axamiyatga molikdir.
Bugungi kunda markaz AKT vazirligining doimiy qo‘llab-quvvatlashi natijasida Xalqaro elektraloqa ittifoqi bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatgan. Markazning mintaqaviy bo‘linmalarida yuqori malakali hodimlar jamoasi shakllanirilgan.
Shuningdek, «Rode&Schwarz», «KathreinGmbH», «Swiss Quai» kabi xalqaro kompaniyalarning eng yangi maxsus uskunalari bilan jihozlangan. Ushbu qurilmalardan foydalanish korxona va uning viloyat filiallariga yuklatilgan vazifalarni sifatli va tezkor hal etish imkonini beradi.
Qolaversa, EMMM DUK respublikada fuqarolar uchun mo‘ljallangan radioelektron vositalarini radiochastotalar bilan ta’minlash bo‘yicha yagona ihtisoslashtirilgan korxona bo‘lib, radiochastotalar organi vazifalarini bajaradi, ulardan asosiylari quyidagilardan iborat:
- radioelektron vositalarni foydalanishga ruxsat berish;
- ishchi radiochastotalar taqdimoti va hisobi hamda radioelektron vositalari chaqirish signallarni va yuqori chastotali qurilmalarni qayd etish va hisob-kitobini yuritish;
- noqonuniy radioelektron vositalarni va yuqori chastotali qurilmalarni aniqlash;
- O‘zbekistan Respublikasi hududida radiochastotalar spektri radiomonitoringini amalga oshirish;
- radiochastotalarni taqsimlash va taqsimlashda elektromagnit moslashuvni ta’minlash kabilardir.
Bugungi kunda markazning radiomonitoring tizimi, radiochastotalar spektridan foydalanish hamda radioelektron vositalar ekspluatatsiyasining asosiy texnik quroli bo‘lib hisoblanadi. Uning asosiy elementlari radionazorat orqali deyarli respublikamizning barcha hududini qamrab olish hamda radiovaziyatdagi har qanday o‘zgarishlarni tezkor qayd etish imkonini beradi.
Xozirgi vaqtda Hukumat qarori bilan tasdiqlangan «2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi radiochastotalar spektri monitoring tizimini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari dasturi»ni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu davr mobaynida uchta bosqichda tizimni takomillashtirish, modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Uning natijasida avtomatlashtirilgan radiomonitoring tizimi joriy qilindi. Mazkur tizim boshqaruv markazi, 24ta statsionar va 21ta radiomonitoring va pelengatsiya mobil stansiyalarini o‘z ichiga oladi. Tizimning asosiy elementlari respublikamizning deyarli barcha xududini radionazorat bilan qamrab olish va 0,009 – 58 000 MGs chastotalar diapazonida har qanday radionurlanishni tezkor qayd etish va ushbu zarur axborotni Toshkent shahridagi Boshqaruv markaziga uzatish imkoninii beradi.
Yangi uskunalarning amaliyotga kiritilishi bilan radionurlanishning ruxsat etilmaydigan manbalarni topish ko‘rsatkichlari bir necha marta yaxshilandi, o‘tkaziladigan o‘lchash va texnik tekshirishlar sifati o‘sdi, radio qabul qilishga xalaqit sodir etilishi holatlarini tekshirish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish vaqti deyarli ikki barobarga qisqartirdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasi va AKT ni joriy etilishi sharoitlarida simsiz texnologiyalar imkoniyatlaridan kengroq foydalanishni joriy etish markaz jamoasining muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi