O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Andijon viloyatida kuz-qishga tayyorgarlik ishlari oʻrganilmoqda

2020-09-10 | Jamiyat

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov boshchiligidagi ishchi guruh Andijon viloyatida boʻlib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishmoqda.

– Energetika vaziri rahbarligida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini 2020-2021-yillarda kuz-qish mavsumida elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda koʻmir bilan taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, joylarda mazkur yoʻnalishdagi kamchiliklarni bartaraf etishga koʻmaklashish maqsadida respublika ishchi guruhi tuzildi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi xodimi, ishchi guruh aʼzosi Akmaljon Eshonqulov.

– Energetika vazirligining gaz, elektr energiyasi va koʻmir taʼminoti tizimlari rahbarlari, mutaxassislaridan tuzilgan ishchi guruh bir oy davomida viloyatlarda boʻlib kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishini oʻrganadi, yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklarni aniqlab, bartaraf etish, eng asosiysi, kuz-qish mavsumini betalofat oʻtishini taʼminlashga qaratilgan ishlarni yana-da yuqori bosqichga koʻtarishni oʻz oldiga asosiy vazifa qilib qoʻygan.

Energetika vaziri rahbarligidagi ishchi guruhi oʻrganish jarayonini Andijon viloyatidan boshladi.

 
Ishchi guruh dastlab “Andijon koʻmir yetkazuvchi” shoxobchasida boʻldi. Shoxobcha tomonidan aholi, sanoat korxonalari va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berilayotgan koʻmir hajmi va sifati koʻzdan kechirildi.
 
Andijon viloyatida 2020-2021-yillarda kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarga jami 281 ming 273 tonna koʻmir yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 34 ming 482 tonnaga yoki 14 foizga koʻpdir. Ayni kunda viloyatda isteʼmolchilarga koʻmir yetkazib berish uchun 7 ta koʻmir ombori, 7 ta avtoyuklagich, 6 ta yuk avtotransporti va 7 ta avtotarozi mavjud boʻlib, ulardan samarali foydalanish boʻyicha zarur choralar koʻrilgan.

Aholiga sotish uchun 1 tonna koʻmirning narxi 300 ming 300 soʻm, briket 412 ming 500 soʻm etib belgilangan.

Tanishish davomida vazir koʻmir yetkazib berish bilan bogʻliq ishlarni sifatli va samarali tashkil etish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.

– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilsagina, mavsumni betalofat, koʻngildagidek oʻtkazamiz, –dedi vazir A.Sultonov. – Buning uchun eng avvalo, shu ishga masʼul va mutasaddi boʻlgan shaxslar masʼuliyatni chuqur his etib, sidqidildan ish olib borishi zarur.

Shundan soʻng ishchi guruh Andijon shahridagi sobiq Milliy hunarmandchilik kolleji, Asaka tumanidagi “Fayzobod” mahalla fuqarolar yigʻini hamda 6-umumtaʼlim maktabidagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. Taʼlim muassasalari rahbarlari, mutasaddilar hamda aholi vakillari bilan muloqot oʻtkazildi. Vazir amalga oshirilgan ishlar yuzasidan oʻzining fikr-mulohazalarini bildirdi. Isteʼmolchilarning taklif va murojaatlarini tingladi.

– Mahallamizda 1 ming 272 ta xonadonda 2 ming 35 ta oila yashaydi, –deydi Asaka tumanidagi Fayzobod mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ibodatxon Yoʻldosheva. – Aholining yarmi tabiiy gazga ulangan, yarmiga esa suyultirilgan gaz beriladi. Har bir xonadon bittadan gaz baloni bilan taʼminlangan.

Bir xonadonda ikki, uch oila yashashi hisobiga oʻsha xonadonga berilgan bitta gaz balloni koʻpincha almashtiriladigan muddatgacha yetmaydi. Shuni hisobga olib bir necha oila yashaydigan xonadonlarimizga yana 100 ga yaqin gaz balloni berilishi lozim. Hududgaz tuman boʻlimiga taqdim etish uchun ana shu xonadonlarning roʻyxatini tuzib qoʻyganmiz.

Vazir mazkur mahallada yashovchi Roʻzioxun Isoqov xonadonida boʻlib xonadon sohiblari bilan suyultirilgan gaz taʼminoti boʻyicha suhbatlashdi.

Mahallada aholini koʻmir bilan taʼminlash borasida ham ishlar namunali yoʻlga qoʻyilgan. Avvalo, kam taʼminlangan oilalarga homiylar koʻmagida koʻmir bepul olib kelib beriladi. Odamlarning ortiqcha ovora boʻlmasligi uchun qolgan xonadonlarga roʻyxat asosida “Koʻmir tarqatish” shoxobchasidan umumlashtirilgan holda olib kelinib mahallaning oʻzida tarqatiladi.

Shundan soʻng vazir Asaka tumanidagi “PS-Avtozavod” podstansiyasi faoliyati bilan tanishdi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini belgilangan muddatda tugatish yuzasidan topshiriqlar berdi.

– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari 80 foizga bajarilgan, –deydi podstansiya boshligʻi Rasuljon Haydarov. – Avtomobil ishlab chiqarish korxonasida elektr energiyasida uzilish boʻlmasligi uchun dam olish kunlari rejalashtirilgan taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Qisqa muddat ichida qish mavsumiga tayyorgarlik doirasidagi ishlar toʻla yakunlanadi.

Energetika vaziri rahbarligidagi ishchi guruh Shahrixon, Izboskan tumanlarida ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. Andijon viloyatida oʻrganish jarayoni davom etmoqda.

 

Faxriddin UBAYDULLAYEV, Zuxriddin UMRZOQOV (foto)

Manba: O'zA

Поделиться