O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2020-09-07 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Yer umummilliy boylik, Oʻzbekiston xalqining hayoti, faoliyati va farovonligi asosi, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Shu sababli, yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash, yerlarni muhofaza qilish, yer bilan uzviy bogʻlangan Davlat kadastrlari yagona tizimini toʻlaqonli yuritish davlatning eng muhim vazifalaridandir.
Iqtisodiy sohadagi keng koʻlamli oʻzgarishlar yer va unga bogʻliq resurslarning aniq hisobini yuritish, ulardan oqilona foydalanish tizimini yana-da takomillashtirishni talab etmoqda.
Xususan, yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish, yer nazoratini amalga oshirish vazifalarining yagona organda toʻplanganligi, yer uchastkalari, bino
Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining qishloq xoʻjaligi yerlari va ekinlarini monitoring qilish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish, qishloq xoʻjaligi yerlarini muhofaza qilish boʻyicha davlat nazoratini amalga oshirish, tuproq bonitirovkasini oʻtkazish, qishloq xoʻjaligi yerlarining meʼyoriy qiymatini aniqlash, tuproq unumdorligini oshirish, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid tadqiqotlarni amalga oshirishga doir vazifalari, funksiyalari hamda vakolatlari Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazilsin.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarning tarkibidagi oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlash, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish maqsadida ularning monitoringini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi doirasida amalga oshirilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi oʻrinlarda – Kadastr agentligi) tashkil etilsin.
3. Quyidagilar Kadastr agentligining asosiy vazifalari hamda faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
a) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasida:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlash;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlashga va yer uchastkalarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan samarali yer nazoratini amalga oshirish;
b) geodeziya va kartografiya sohasida:
geodeziya va kartografiya sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlash;
aerokosmik suratga olish, topografiya-geodeziya, kartografiyaga oid izlanishlar hamda tadqiqotlarni, yerlarni masofadan zondlash, geodinamik tadqiqotlar maʼlumotlari va materiallaridan foydalangan holda kartografik monitoringni amalga oshirish;
davlat kartografiya-geodeziya kadastrini yuritish;
davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish;
v) davlat kadastrlarini yuritish sohasida:
davlat kadastrlarini yuritish sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlash;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish, hududlar davlat kadastrining samarali yuritilishini taʼminlash;
davlat kadastrlarini yuritish tartiblariga rioya qilinishini taʼminlashga qaratilgan samarali kadastr nazoratini amalga oshirish;
g) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
d) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash.
4. Quyidagilar:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning, shu jumladan, yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish va ijaraga olish huquqining vujudga kelishi, oʻzgarishi, boshqa shaxsga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishi faqat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin kuchga kirishi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazish uchun oʻz vaqtida murojaat etmaslikda aybdor shaxslarga maʼmuriy javobgarlik belgilanganligi;
koʻchmas mulkning turi, tavsifi, hajmi, qiymati va boshqa koʻrsatkichlarini aniqlash maqsadida uning kadastr yigʻmajildi tayyorlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
zaxirada turgan va yangi ajratilayotgan yer uchastkalariga kadastr yigʻmajildi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda – tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimining, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarda – tuman (shahar) qurilish boʻlimining murojaatiga muvofiq tuman (shahar) hokimligining buyurtmasiga asosan tayyorlanadi, ushbu xarajatlar yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish vaqtida mazkur yer uchastkasiga ega boʻlgan shaxs tomonidan qoplanadi;
yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar vujudga kelgan, biroq davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan boʻlsa, ularga kadastr yigʻmajildini tayyorlash hamda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish huquq egalarining buyurtmalariga asosan ularning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, shu jumladan, oʻrmon xoʻjaliklari, suv xoʻjaligi tashkilotlari, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, ijtimoiy muassasalarga berilgan yer uchastkalariga kadastr yigʻmajildini tayyorlash hamda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish balansda saqlovchilarning buyurtmalariga asosan va ularning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
kadastr yigʻmajildi Kadastr agentligi tomonidan shahodatlangan kadastr muhandislari hamda Kadastr agentligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan shartnoma asosida tayyorlanadi;
2020-yil 1-oktyabrdan boshlab yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelishi, oʻzgarishi, boshqa shaxsga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda – Milliy geoaxborot tizimi) davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi;
davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali toʻplangan maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
6. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
yer turi, konturi, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha maʼlumotlar Kadastr agentligining onlayn geoportaliga (keyingi oʻrinlarda – onlayn geoportal) kiritiladi;
onlayn geoportal Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi;
yer balansi va uning hisoboti, tuman (shahar) yer kadastri daftari faqat Milliy geoaxborot tizimida yuritiladi;
Davlat kadastrlari yagona tizimi Milliy geoaxborot tizimida shakllantiriladi;
tegishli davlat kadastrlari maʼlumotlari Milliy geoaxborot tizimiga faqat telekommunikatsiya tarmoqlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etib boriladi.
7. Kadastr agentligi:
a) ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik, yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar faqat Kadastr agentligi organlari tomonidan koʻrib chiqilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
koʻchmas mulk obyektlarining davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini qayta koʻrib chiqish, shu jumladan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan yigʻimni kamaytirish boʻyicha hukumat qarori loyihasini kiritsin;
b) 2020-yil 1-noyabrga qadar onlayn geoportalni sinov tariqasida ishga tushirsin;
v) 2020-yil 1-dekabrga qadar barcha qishloq xoʻjaligi xaritalarining onlayn geoportalga kiritilishini hamda uning Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlasin;
g) 2021-yil 1-yanvardan boshlab onlayn geoportalni toʻliq ishga tushirsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat soliq qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birga yer uchastkalarini ajratish haqidagi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari hamda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelishi, oʻzgarishi va bekor boʻlishiga asos boʻlgan boshqa hujjatlarning 2021-yil yakuniga qadar Milliy geoaxborot tizimida toʻliq davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
9. Belgilansinki, qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash va qayta baholash, tuproq bonitirovkasi va tuproq xaritalarining korrektirovkasini oʻtkazish, sugʻoriladigan yerlarda tuproq agrokimyoviy tadqiqot ishlarini bajarish va agrokimyoviy kartogrammalar tuzish, tuproq (yer) monitoringini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan nazarda tutiladigan mablagʻlar 2021-yil 1-yanvardan boshlab Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratiladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish, qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash va geobotanikaga oid tadqiqotlarni amalga oshirishga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5708-son Farmoni 1-bandiga 1-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga:
ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini;
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni kiritsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 7-sentabr
Manba: O'zA