Buxoro viloyatida investisiya, sanoat va eksport o‘sishining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi
Joriy yilning 6-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlaridan iborat eksport va investisiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Buxoro viloyatining investisiya, sanoat va eksport salohiyatini o‘rganish va iqtisodiy rivojlanishining istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ishlar yakunlarini sarhisob qildi.
2 – 6 sentabr kunlari joylarga chiqqan holda Komissiya a'zolari tomonidan viloyatda olib borilgan ishlar davomida 3931 ta sanoat korxonasining bugungi holati tahlil qilindi va natijada 677 ta korxona hozirgi vaqtda ishga tushirilmaganligi, faoliyatini to‘xtatganligi yoki vaqtincha to‘xtatib qo‘yganligi hamda ishlab chiqarish hajmi yoki byudjetga soliq tushumlarini kamaytirganligi aniqlandi. Mazkur muammolarni keltirib chiqargan sabablar tahlil qilinganda, 128 ta korxona aylanma mablag‘larni to‘ldirish va texnologik uskunalar sotib olish uchun kredit resurslarini olishda muammolarga duch kelganligi, 75 ta korxona muhandislik kommunal tarmoqlarga ulanish bilan bog‘liq muammolarga uchraganligi, 25 ta korxona ishlab chiqarish uchun xom ashyo bilan ta'minlanmaganligi, 12 ta korxona debitor qarzlarni va 7 ta korxona oldindan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini qaytarishda qiynalayotganligi aniqlandi. Shuningdek, yer uchastkalari olish, zarur ruxsatnomalar va lisenziyalarni, xalqaro guvohnomalarni rasmiylashtirish, xorijiy mijozlarning yo‘qligi, import qilinadigan asbob-uskunalarni yetkazib berish va xorijiy mutaxassislarni O‘zbekistonga yuborish bilan bog‘liq masalalar mavjudligi aniqlandi.
Viloyatning tuman va shaharlaridagi tarmoq idora va birlashmalari, tijorat banklari, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlarining tegishli rahbarlari tomonidan mazkur masalalarni hal etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi.
Hududiy investisiya dasturining chuqur tahlili va optimallashtirilishi amalga oshirildi: 2020-2021 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 15,6 trln so‘mlik 915 investisiya loyihalari o‘rganildi, ularning iqtisodiy samaradorligi baholandi va amalga oshirish grafiklari qo‘shimcha qiymat zanjirlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish, eksport va yaratiladigan ish o‘rinlarining eng yuqori ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan loyihalarni ishga tushirishni jadallashtirish maqsadida qayta ko‘rib chiqildi. Natijada 172,9 mlrd so‘mlik 26 ta loyihani amalga oshirish 2021 yilga qoldirilib, ularning o‘rniga joriy yil oxirigacha 348,8 mlrd so‘mlik 53 ta sanoatga yo‘naltirilgan yuqori daromadli yangi loyihalar foydalanishga topshiriladigan bo‘ldi.
Sohalararo kooperatsiyasini chuqurlashtirish yo‘nalishida Buxoro viloyatida to‘qimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, baliqchilik kabi 19 istiqbolli tarmoqda ilmiy - ishlab chiqarish klasterlarini yaratishga qaratilgan 41 loyiha ishlab chiqildi. Jumladan, Buxoro va Romitan tumanlarida to‘liq ishlab chiqarish sikli amalga oshiriladigan 2 ta to‘qimachilik va trikotaj klasterlari yaratilishi rejalashtirildi: paxta tolasini qayta ishlashdan boshlab tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha, Shofirkon, Romitan, Vobkent, Peshku va Kogon tumanlarida esa oziq-ovqat sanoati yo‘nalishidagi 6 ta klasterni tashkil etish rejalashtirildi.
Ushbu klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida “O‘zstandart” agentligi tomonidan mahsulot sifatini nazorat qilish bo‘yicha innovasion texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi sinov laboratoriyalari tashkil etiladi, shuningdek, ishga tushirilayotgan korxonalar kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha maxsus dasturlar tashkil etiladi.
Buxoro viloyatining import tarkibi va hajmlari o‘rganildi, natijada mavjud xom ashyo salohiyatidan kelib chiqib, hududda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tovar pozisiyalari aniqlandi, jumladan neft' va gaz sanoati uchun uskunalar va butlovchi qismlar, sun'iy tola aralashmali kalava ip mahsulotlari, elektr mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar. Mavjud mahalliylashtirish dasturiga kiritish uchun qo‘shimcha ravishda tashqi import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha 15 ta yangi loyiha ishlab chiqildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi jami 43 ta loyihaning amalga oshirilishi natijasida 2021 yilning oxiriga qadar 631,6 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi va 1200 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi, natijada alohida mahsulotlar importiga qaramlik darajasining pasayishi 30 dan 60 foizgacha teng bo‘lishi kutilmoqda.
Buxoro viloyati hududida joylashgan “Buxara-agro” va “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonalar faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Ayni paytda “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasida 245,9 mln dollarlik 69 loyiha amalga oshirilib, 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 2020-2021 yillarda mazkur zona hududida umumiy qiymati 331,7 mln dollarga teng bo‘lgan qo‘shimcha 190 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu 1200 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Hozirgi kunga kelib “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasida 66,9 mln dollar miqdoridagi 27 loyiha amalga oshirilib, 1500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shu bilan birga, 2020-2021 yillarda umumiy qiymati 164,4 mln dollarlik 23 loyihani amalga oshirish va 17 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2020-yil oxirigacha viloyatning 13 ta kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 248,5 mlrd so‘m bo‘lgan 98 ta investisiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shularni hisobiga 3,5 mingdan ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Mavjud erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanish maqsadida joriy yil oxiriga qadar 92,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, muhandislik infratuzilma va kommunikasiyalarini rivojlantirish uchun yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan 6 ta kichik sanoat zonasini o‘z vaqtida gaz, elektr energiyasi va suv ta'minoti tarmoqlariga ulash choralari ko‘riladi.
Komissiya ishi davomida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar natijasida 2020 yil oxirigacha Buxoro viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 16,8 trln so‘mdan 18,8 trln so‘mgacha o‘sishi kutilmoqda. Shu bilan birga, eksport hajmi 136,2 mln dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Viloyatda bo‘sh turgan sanoat korxonalarining ishga tushirilishi natijasida 23 ming ish o‘rni tashkil etiladi. Viloyatdagi sanoat korxonalari davlat byudjetiga 864 mlrd so‘m miqdorida tushumlarni ta'minlaydilar va bu miqdor prognoz ko‘rsatkichlarining 148,5% tashkil etadi.
Ishlab chiqilgan amaliy tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishining nazorati Bosh prokuratura tomonidan doimiy ravishda olib boriladi. Shuningdek, tadbirlarning amalga oshirilishining borishi har oyda Hukumat komissiyasining alohida yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi