Mamlakatimizda bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va liberallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb etish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish, yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini joriy qilish va ishchi o‘rinlarini yaratish borasida muhim islohotlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, birgina Buxoro viloyati bojxonachilarining joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida erishgan natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan 682,7 mlrd. so‘mdan ziyod bojxona to‘lovlari undirilib, davlat byudjetiga o‘tkazilishiga erishildi.
Viloyatda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, eksport-import operatsiyalarini jadallik bilan amalga oshirishlarida ko‘maklashish borasida bojxonachilar tomonidan sezilarli ishlar amalga oshirilgan.
Eng muhimi esa, davlatimiz tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar doirasida korxonalarga bojxona to‘lovlaridan 808,95 mlrd. so‘mlik imtiyozlar qo‘llanildi.
Bu esa viloyatda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va xorijga eksport qilishni munosib rag‘batlantirmoqda.
Masalan, joriy yilning shu davriga qadar viloyatdan 141,6 mln. AQSh dollari qiymatidagi tovarlar xorijga eksport qilindi.
Tovarlar 30 ga yaqin davlatlarga eksport qilingan bo‘lib, asosiy hamkor davlatlar Eron, Afg‘oniston, Rossiya, Turkiya, Xitoy va Tojikiston hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Eksport qilingan asosiy tovarlar: kalava ip, paxta tolasi, neft' va neft' maxsulotlari, to‘qimachilik, ozik-ovkat va meva-sabzavot maxsulotlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Postda bojxona yuk deklaratsiyalarining rasmiylashtiruvi bo‘yicha 8 oy davomida “Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan axborot tizimi” orqali jami 16 611 ta shundan 4 142 ta BYuD “yashil yo‘lak” (25 %), 5 735 ta BYuD “sariq yo‘lak” (35 %), 6 734 ta BYuD “qizil yo‘lak” (40 %) orqali rasmiylashtirilgan. Qonun talablariga og‘ishmay amal qilayotgan tadbirkorlar hamisha rag‘batda.
Hozirda postda import rasmiylashtiruvi uchun o‘rtacha 2:40 soat, eksport rasmiylashtiruviga esa 48 daqiqa sarflanmoqda.
Tashkil etilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida boshqarma xodimlari tomonidan 317 ta bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlanib, ular bo‘yicha 7 mlrd. 430,9 mln. so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ushlab qolingan.
2020-yilning o‘tgan davri mobaynida bojxona sohasining muhim jihatlari, qonunchilikdagi yangiliklar, bojxona qonunbuzilishi yuzasidan aniqlangan holatlar bo‘yicha markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali jami 302 marotaba chiqishlar qilingan.
Hamisha dolzarb ahamiyat kasb etadigan yo‘nalishlardan yana biri – tizimni zamonaviy bilimlarni puxta egallagan yosh kadrlar bilan muntazam to‘ldirib borish, bojxona xodimlarining bilim va malakasini muntazam oshirish, sohada korrupsion holatlarning oldini olish va unga qarshi keskin kurash olib borish, xodimlar o‘rtasida bu illatga murosasiz muhitni shakllantirish ham asosiy vazifalar sirasiga kiradi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi