Avval xabar berganimizdek, 4-sentabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha islohotlar natijadorligi tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar, tizimda amalga oshirilishi belgilab berilgan ishlar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov quyidagilarni maʼlum qildi.
"Yigʻilishda yurtboshimiz oʻrmon xoʻjaligi bilan birga oʻrmon xoʻjaligida turizmni rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Jumladan, tashrif buyuruvchilarni oʻrmonlarda hordiq chiqarishlari uchun sharoitlar yaratish vazifasi qoʻyildi. Boʻstonliq tumanida amalga oshirilayotgan turistik bunyodliklarni Toshkent viloyatining boshqa tumanlariga ham tatbiq etish buyurildi. Tashrif buyuruvchilarning hordiq chiqarishlari, ularning tabiatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilishlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, hududlarda sayyohlik marshrutlarini yoʻlga qoʻyish topshiriqlari berildi.
Boʻstonliq tumanida 56 ta sayyohlik marshrutlari ishlab chiqilib, 1-5 kunlardan iborat boʻlgan sayohat turlari yoʻlga qoʻyilmoqda. Hududda sayyohlik tizimini yoʻlga qoʻyilishi, albatta, mahalliy aholining daromadi. Boʻstonliq tumanida mehmonxonalar va boshqa turistik majmualarni tashkil etmoqchi boʻlgan investorlarga majburiyat sifatida ekologiyani muhofaza qilishga oʻz hissasini qoʻshish masʼuliyatini ham qoʻymoqdamiz. Yaʼni tomchilab sugʻorish tizimini joriy etgan holda belgilangan hududlarda bogʻlar, ekinlarni tashkil etish majburiyatini qoʻymoqdamiz.
Yana bir muhim yoʻnalishlardan biri – Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi bilan birga hududlarda tabiat muzeylarini tashkil etishni maqsad qilganmiz. Bu muzeylar aholini tabiat haqidagi bilimlarini boyitishga xizmat qiladi."
Manba: O'zA